Joriy yilning 27 fevral kuni fuqaro J.P. akasiga tegishli chorva mollarini G`uzor tuman hokimligi ma`muriy binosi oldiga haydab kelgan. Tuman hokimligiga ko`ra, fuqaro akasining huquqni muhofaza qilish idoralari tomonidan «asossiz ravishda tergovga jalb etilganidan norozi bo`lib ushbu harakatni amalga oshirgan».
Fuqaroning xatti-harakati yuzasidan G`uzor tuman IIB tomonidan tergovga qadar surishtiruv harakatlari olib borildi. Holat yuzasidan viloyat Ichki ishlar boshqarmasi ma`lumot berdi.
Fuqaro jamoat joyida yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan qilgan mazkur xatti-harakatlari bilan O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 183-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan.
Mazkur huquqbuzarlik yuzasidan to`plangan hujjatlar JIB Qamashi tuman sudiga yuborildi.
Sudning 2023 yil 3 mart kunidagi qaroriga ko`ra huquqbuzar J.P.ga etti sutka qamoq jazosi tayinlandi.






