Haydovchilar tayyorlovchi ta`lim tashkilotlari o`qituvchi va haydovchi-yo`riqchilarini qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tartibga soluvchi nizom Adliya vazirligida davlat ro`yxatidan o`tkazildi.
Nizomga ko`ra, ta`lim tashkilotlari o`qituvchi va haydovchi-yo`riqchilarini shartnoma asosida qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish (har 3 yilda bir marta) Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
Bunda tinglovchilar asosiy ish joyidan ajralgan holda o`qitiladi.
O`quv jarayoni 25 nafardan ortiq bo`lmagan tinglovchidan iborat guruhlarda tashkil qilinadi.
Mazkur kurslarda o`qish uchun talabgorlar Akademiyaning rasmiy veb-sayti orqali ariza bilan murojaat qiladi.
Ariza kelib tushgan kundan e`tiboran 3 ish kuni ichida o`rganib chiqilib, kamchiliklar aniqlanmagan taqdirda Akademiya va talabgor o`rtasida shartnoma tuziladi.
To`lov miqdorlari:
- haydovchi-yo`riqchilarni qayta tayyorlash, shuningdek malakasini oshirish kurslarining har biri uchun – BHMning 4,5 baravari (1 mln 350 ming so`m);
- o`qituvchilarni qayta tayyorlash kursi uchun – BHMning 4 baravari (1,2 mln so`m), ularning malakasini oshirish kursi uchun – BHMning 7 baravari (2,1 mln so`m).
Tinglovchilarga ularning o`quv jarayonida ishtirokini ta`minlash hamda o`quv dasturlarini o`zlashtirishda tyutor (o`qituvchi-konsultant) yordamlashadi.
Qayta tayyorlash kursini muvaffaqiyatli tamomlagan tinglovchiga diplom, malaka oshirish kursini tamomlagan tinglovchiga esa sertifikat taqdim etiladi.






