AsosiyJamiyat

Poytaxt IIBB ota-onalarni "Ryodan" harakatidan ogohlantirdi

'Poytaxt IIBB ota-onalarni "Ryodan" harakatidan ogohlantirdi'ning rasmi

Toshkent shahar IIBB Axborot xizmatining xabariga ko`ra, shahar IIBBga yapon komikslaridan birining qahramonlaridan ilhomlangan "Ryodan" xalqaro yoshlar harakati muxlislari O`zbekistonda ham borligi haqidagi xabarlar kelib tushgan.

Dastlab "Ryodan" harakati tashkil etilganda, internetdagi bir nechta virtual jamoalardan iborat bo`lgan. Ular yapon animasiya san`ati muxlislari bo`lib, o`smirlarni qiziqishlari bo`yicha birlashtirishdan boshqa maqsadlarni ko`zlamagan. Bolalar o`zlarining sevimli san`atlarini muhokama qilar va shunga o`xshash kiyimlarni (orqasida o`rgimchak rasmi hamda 4 raqami bo`lgan katakli shim va futbolkalar) tanlagan.

Biroq, vaqt o`tishi bilan harakatdan yangi yo`nalish ajralib chiqib, ular ichida bir qator tajovuzkor shaxslar paydo bo`lgan. Ular hududdagi vaziyatni beqarorlashtirish, o`smirlarning to`liq shakllanmagan dunyoqarashiga ta`sir o`tkazish orqali ularni nazorat qilishni maqsad qilib olgan. Buning oqibatida, tarmoqdagi begona shaxslarning buzg`unchi shiorlari ta`siriga berilib ketgan bolalar jamoat joylarida to`planib, ommaviy tartibbuzarliklarni uyushtira boshlagan.

Ayni paytda "Ryodan" harakati tomonidan uyushtirilgan bunday holatlar Rossiya, Ukraina, Belorusiya va bir qator boshqa davlatlarda qayd etilgan. Janjallar tomonlarning turli darajadagi tan jarohatlari olishiga, shaxslarning mulkiga zarar etkazilishiga, ko`plab ma`muriy va jinoiy ishlarning qo`zg`atilishiga olib keladi.

"Farzandlaringizga e`tiborli bo`ling, ularning qiziqishlarini o`rganing, ayniqsa submadaniy qiziqishlariga befarq bo`lmang. Bolalarning anime va mangaga bo`lgan qiziqishini qoralab bo`lmaydi. Lekin, bu qiziqishi tufayli u noma`lum shaxslarning ta`siriga tushib qolmayotganligiga, virtual dunyoni haqiqatdan ajrata olish qobiliyatini yo`qotmaganligiga ishonch hosil qiling,- deyiladi vazirlik xabarida.

    Boshqa yangiliklar