Hindistonning 2023 yil Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT)ga raisligi doirasida Dehli shahrida qator xalqaro tadbirlar tashkil etilmoqda, deya xabar berdi "Dunyo" agentligi.
Mazkur ko`p tomonlama anjumanlar doirasida tashkilotga a`zo davlatlar Mudofaa vazirliklarining xalqaro hamkorlik masalalariga mas`ul tarkibiy bo`linmalari rahbarlari uchrashuvida O`zbekiston Mudofaa vazirligi delegasiyasi qatnashdi.
Tadbirda ShHTga a`zo davlatlar mudofaa vazirlarining navbatdagi yig`ilishi tashkiliy masalalari, tadbir dasturi va kun tartibi, ShHT Mudofaa vazirliklari o`rtasida 2024–2025 yillarga mo`ljallangan xalqaro harbiy hamkorlik rejasi loyihalari muhokama etildi.
Shuningdek, mart oyida Hindiston mezbonligida o`tkaziladigan "Insonparvarlik yordami va tabiiy ofatlar vaqtida xavflarni kamaytirishga ko`maklashish hamda tabiiy ofatlarga chidamli infratuzilmalar" va "ShHTga a`zo davlatlar Qurolli kuchlarining harbiy tibbiyot, aholi salomatligi va pandemiyaga qarshi kurashishga qo`shgan hissasi" mavzularidagi seminarlarga tayyorgarlik ko`rish hamda ushbu anjumanlarda xorijiy delegasiyalarning ishtiroki masalalari ko`rib chiqildi.
Yig`ilish yakunlari bo`yicha ishtirokchilar o`rtasida ko`rib chiqilgan masalalar yuzasidan kelishuvga erishilib, tegishli bayonot imzolandi.






