AsosiyJamiyat

2022 yil kardiologiya markaziga qariyb 840 nafar chet ellik bemor murojaat qilgani ma`lum bo`ldi

'2022 yil kardiologiya markaziga qariyb 840 nafar chet ellik bemor murojaat qilgani ma`lum bo`ldi'ning rasmi

Tibbiy turizm — tez rivojlanib borayotgan istiqbolli soha. Ayniqsa, oxirgi yillarda Hindiston, Koreya, Germaniya va Turkiya kabi mamlakatlar bu borada katta yutuqlarga erishdi.
 Yurtimizda ham ushbu sohani rivojlantirishga alohida e`tibor qaratilyapti. Xususan, ixtisoslashtirilgan markazlar amaliyotiga yangi davolash va diagnostika usullari tatbiq etilib, shifo maskanlari eng so`nggi va zamonaviy uskunalar bilan jihozlanmoqda. Natijada nafaqat yurtdoshlarimiz, balki chet el fuqarolarining ham O`zbekiston tibbiyotiga ishonchi yanada ortib boryapti. 
SSV Matbuot xizmatining xabar berishicha, bu yo`nalishdagi ijobiy o`zgarishlar Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi faoliyatida ham o`z aksini topmoqda.
— Shifoxonamizda yurak-qon tomir kasalliklarini samarali davolash bo`yicha yuqori texnologik diagnostika va innovasion jarrohlik operasiyalari muvaffaqiyatli yo`lga qo`yilgan, — deydi muassasa direktori Xurshid Fozilov. — Xususan, o`tgan yil markaz amaliyotiga 18 turdagi yangi davolash va tashxis usullari tatbiq qilinib, 3979 ta yuqori texnologik murakkab operasiya o`tkazildi.
Qolaversa, 2022 yil muassasamizda ilk bor ishlab turgan yurakda aortal klapan, mitral klapan, tikuspidal klapanni protezlash va AKSh amaliyoti, shuningdek ishlab turgan yurakda “Kabrol” operasiyasi hamda AKSh va protezlash amaliyotini kam invaziv usul bilan bajarish yo`lga qo`yildi.
 Ana shunday sharoitlar tufayli kardiologik xastaliklarga chalingan ko`plab yurtdoshlarimiz va chet el fuqarolari markazda davolanib, o`z salomatliklarini tiklamoqda.
 Xususan, 2022 yil muassasaning maslahat poliklinikasiga 33 803 nafar bemor murojaat qilib, malakali mutaxassislar tomonidan sifatli tibbiy xizmat ko`rsatildi. E`tiborlisi, ularning 675 nafari chet el fuqarolaridir. Shuningdek, o`tgan yil muassasada 9000 nafardan ziyod kishi davolanib, bemorlarning 163 nafarini chet el fuqarolari tashkil etdi.

Shuningdek, Tibbiy tanlov komissiyasi xulosasi bo`yicha elektron yo`llanma berilgan 850 nafardan ortiq yurtdoshlarimizda yuqori texnologik, intervension, aritmologik va kardiojarrohlik amaliyotlari  o`tkazilib, sarf-xarajatlar Davlat tibbiy sug`urtasi jamg`armasi tomonidan qoplandi.
​​​​​​

    Boshqa yangiliklar