Jinoyat ishlari bo`yicha Olmazor tuman sudining 2023 yil 30 yanvardagi hukmi bilan Sardor Rahmonqulov Jinoyat kodeksining 244-1-moddasi (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) 3-qismi “g” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan edi.
Ma`lum qilinishicha, bugun Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo`yicha sudlov hay`atida sudlanuvchi S. Rahmonqulovning himoyachisi tomonidan keltirilgan apellyasiya shikoyati asosida ushbu jinoyat ishi apellyasiya tartibida ko`rib chiqildi.
Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo`yicha sudlov hay`ati apellyasiya instansiyasining 2023 yil 2 martdagi ajrimiga muvofiq birinchi instansiya sudining hukmi o`zgartirilib, S. Rahmonqulovga tayinlangan 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi Jinoyat kodeksining 72-moddasi (shartli hukm qilish) qo`llanilgan holda shartliga o`zgartirilib, 2 yil sinov muddati belgilandi va u sud zalida qamoqdan ozod qilingan.
Shuningdek, Jinoyat kodeksining 62-moddasi (ushlab turish, qamoqqa olish yoki uy qamog`i vaqtini hisobga olish qoidalari) tartibida S. Rahmonqulovning 7 oy 9 kun qamoqda saqlanganligi inobatga olinib, asosiy jazodan chegirib tashlangan.
"Albatta, sudyalar mustaqil, ular faqatgina qonunga bo`ysunadilar. Shu ma`noda jamoatchilikning keng muhokamasi emas, balki amaldagi qonunchiligimizda nazarda tutilgan adolat va shaxsni axloqan qayta tarbiyalash singari tamoyillarga asoslangan holda sud shunday to`xtamga kelganini ta`kidlash joiz.
Sud jinoyat ishini atroflicha o`rganar ekan, S. Raxmonqulovning o`z qilmishiga iqror va pushaymonligi, unga nisbatan engillik berish haqidagi kafolat xatlarini inobatga olgan holda hamda insonparvarlik va odillik tamoyillariga asoslanib qaror chiqardi.
Mazkur ajrimdan norozi taraflar qonunchilikda belgilangan tartib va muddatda Oliy sudning Jinoyat ishlari bo`yicha sudlov hay`atiga kassasiya shikoyati (protest) keltirishga haqli ekanligi ma`lum qilinadi", - deyiladi rasmiy axborotda.






