AsosiyDunyo

Evropaning aviakosmik poytaxti - Tuluzada Mirzo Ulug`bek haykali qad rostladi

'Evropaning aviakosmik poytaxti - Tuluzada Mirzo Ulug`bek haykali qad rostladi'ning rasmi

O`zbekiston va Fransiya o`rtasida hududlararo diplomatiyani rivojlantirish doirasida Evropaning aviakosmik poytaxti - Tuluza shahrida joylashgan Fransiya Fuqarolik milliy aviasiyasi instituti hududida buyuk astronom olim, matematik va davlat arbobi Mirzo Ulug`bek haykali ochildi.

Tuluza shahrida Mirzo Ulug`bek haykalining tantanali ochilish  marosimida O`zbekistonning Fransiyadagi elchixonasi, Samarqand viloyati hokimligi delegasiyasi, Tuluza shahri meriyasi, Fransiya kosmik tadqiqotlar instituti, Fuqarolik milliy aviasiyasi instituti rahbariyati va ushbu mamlakatning ilmiy-akademik, madaniy va ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etishdi.

Tantanali tadbirda so`zga chiqqan O`zbekiston elchisi Sardor Rustambaev, buyuk ajdodimiz merosini targ`ib etish maqadida bunyod etilgan ushbu yodgorlik  O`zbekiston va Fransiya o`rtasida diplomatiya munosabatlari o`rnatilganining 31 yilligi doirasida o`tkazilayotgani ramziy ma`noga ega ekanligini ta`kidlar ekan, Mirzo Ulug`bekning jahon tamadduni rivojlanishiga qo`shgan hissasi, xususan, astronomiya sohasidagi ulkan kashfiyotlari to`g`risidagi fikrlarini o`rtoqlashdi.  

Samarqand viloyati hokimining o`rinbosari Jamshid Xaydarov O`zbekiston va Fransiya o`rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar madaniy-gumanitar hamkorlikning yuksak darajasi bilan ajralib turishini ta`kidladi.

“Bugun esa ana shunday o`zaro do`stona aloqalarni davom ettirish va yangi bosqichga olib chiqish maqsadida Evropaning astronomiya poytaxti bo`lmish Tuluza shahrida  Mirzo Ulug`bek haykali o`rnatildi”, dedi u.

Fransiya Fuqarolik milliy aviasiyasi instituti bosh direktori Olive Shansu, o`z navbatida, Mirzo Ulug`bek haykali uchun O`zbekiston hukumatiga minnatdorlik bildirdi. Uning aytishicha, ushbu yodgorlik orqali ko`plab fransiyalik talabalar aviasiya sohasida o`ta muhim hisoblanadigan matematika, fizika, astronomiya kabi fanlar rivojida Mirzo Ulug`bekning muhim o`rni borligini bilib olishadi.

Ta`kidlash kerakki, Mirzo Ulug`bek haykalini Tuluza shahrida o`rnatish borasidagi kelishuv O`zbekistonning Fransiyadagi elchixonasining 2020 yilda Tuluza shahri meriyasi rahbariyati bilan bo`lib o`tgan uchrashuvi doirasida muhokama qilingan.

Mirzo Ulug`bekning misdan barpo etilgan haykali muallifi -  samarqandlik haykaltarosh Umirzoq Sharipov. Ushbu yodgorlikning bo`yi 240 santimetrni tashkil etadi.

Tadbir yakunida fransuz jamoatchiligi vakillari ushbu loyiha haqidagi fikrlarini bildirdilar.

Nikolas Kasalis, Fransiya fukarolik aviasiyasi milliy maktabi direktori o`rinbosari:

- O`zbekiston tomoniga hamda Samarqand viloyati hokimligiga buyuk mutafakkir, astronom Mirzo Ulugbek haykalini Fransiya Fuqarolik aviasiyasi milliy maktabiga sovg`a qilishgani uchun minnatdorlik bildirmoqchiman. Bu haykalning aeronavtika poytaxti Tuluza shahridagi Fuqarolik aviasiyasi milliy maktabida o`rnatilishi keng qamrovli O`zbekiston – Fransiya hamkorligining razmiy belgisidir. Biz bu yo`nalishda o`zaro hamkorlik yanada rivojlanishidan manfaatdormiz.

Kelajakda aviasiya sohasi uchun o`zbek malakali uchuvchilarini, etuk mutaxassislarni tayyorlashga tayyormiz.

Jilbert Salinas, Oksitaniya Iqtisodiy rivojlanish agentligi prezidenti:

- Bugungi tadbirda ishtirok etganim behad mamnunman. Tadbir  O`zbekistonni yanada yaqindan tanitishga turtki berdi. Bunday tadbirlarni ko`plab o`tkazib turish zarur, deb hisoblayman.

Men O`zbekistonni yaqindan bilaman, mamlakatingizga ko`p marotaba borganman. Mamlakatingizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlardan xabardorman va ularni olqishlayman. Biz o`z tomonimizdan ta`lim, iqtisodiyot va savdo sohalarini  rivojlantirish maqsadida kelajakda O`zbekistonga safarlarni amalga oshirish niyatidamiz. O`zbekiston  va Fransiya o`rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga o`z hissamizni qo`shishga tayyormiz.

Sandra Jofrua, «Toulouse III - Paul Sabatier» universiteti prorektori:

-Bugungi tadbirda buyuk astronom, o`zbek olimi Mirzo Ulugbek xaykalining ochilishi marosimida ishtirok etganimdan juda xursandman. Bu ikki mamlakat hamkorligining ramziy belgisi bo`lib xizmat qiladi. Universitetimiz O`zbekiston bilan yaqindan hamkorlik qilib kelmoqda. Jumladan, 2022 yil iyun oyida O`zbekiston Milliy gvardiyasi Jamoat xavfsizligi universiteti va «Toulouse III - Paul Sabatier» universiteti o`rtasida  Anglashuv memorandumi imzolandi. Kelajakda ushbu ikki ta`lim dargohi o`rtasida talabalar almashuvini yo`lga quyish niyatidamiz.

Alis Mokaritolo, «Toulouse III - Paul Sabatier»  universiteti mas`ul xodimi:

-Bugun Fransiyada o`zbek bog`i hamda buyuk astronom Mirzo Ulugbek haykalining ochilishini etishib, juda xursand bo`ldik. Bu O`zbekiston – Fransiya munosabatlaridagi katta voqea hisoblanishi barobarida ikki tomonlama hamkorlikning ravnaqiga salmoqli turtki beradi.

    Boshqa yangiliklar