AsosiyJamiyat

O`zbekiston qamoqxonalaridagi ayrim tartiblar o`zgartirilmoqda

'O`zbekiston qamoqxonalaridagi ayrim tartiblar o`zgartirilmoqda'ning rasmi

Endi manzil-koloniyada jazoni o`tash davrida jinoyat sodir etib, sud tomonidan ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilingan mahkumlar manzil-koloniyaga o`tkazilmaydi. Bu masala Oliy Majlis Senatining o`ttiz ettinchi yalpi majlisida muhokama qilindi.

Senatorlar “O`zbekiston Respublikasi Jinoyat hamda Jinoyat-ijroiya kodekslariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi Qonunni ko`rib chiqarkan bugungi kunda manzil-koloniyasida jazo muddatini o`tayotgan mahkumlarning jazoni o`tash joylarini o`zboshimchalik bilan tark etish holatlari sodir etilayotgani, biroq bunday mahkumlarga nisbatan qat`iy jazo choralari belgilanmaganligi, manzil-koloniyasiga o`tkazilgan og`ir va o`ta og`ir jinoyat sodir etgan mahkumlar tomonidan jazoni o`tash davrida bir qator og`ir va o`ta og`ir turdagi jinoyatlarni qayta sodir etish holatlari kuzatilayotgani muhokama qilindi.

“Jinoyat-ijroiya kodeksi yangi 1121-modda bilan to`ldirilib, unga ko`ra saqlash rejimini ashaddiy buzuvchi mahkumlarga nisbatan manzil-koloniyadan umumiy tartibli koloniyaga, umumiy, qattiq yoki maxsus tartibli koloniyalardan turmaga o`tkazish, manzil-koloniyadan umumiy yoki qattiq tartibli koloniyaga, qattiq tartibli koloniyadan maxsus tartibli koloniyaga, koloniyalardan turmaga qaytarish to`g`risida sudga taqdimnoma kiritilishi belgilanmoqda.

Manzil-koloniyada jazoni o`tash davrida saqlash rejimini ashaddiy buzganlik uchun umumiy tartibli koloniyaga o`tkazilgan hamda umumiy yoki qattiq tartibli koloniyaga qaytarilgan mahkumlar, bu haqda sud ajrimi chiqqan kundan boshlab kamida ikki yil mobaynida, shuningdek, manzil-koloniyada jazoni o`tash davrida jinoyat sodir etib, sud tomonidan ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazoga hukm qilingan mahkumlar manzil-koloniyaga o`tkazilmasligi belgilanmoqda”, deydi Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo`mitasi raisi  Narimon Umarov.

Ma`lumotlarga ko`ra, 2021 yilda manzil-koloniyada jazo muddatini o`tayotgan 15 nafar mahkum tomonidan og`ir va o`ta og`ir turdagi jinoyatlar sodir etilgan bo`lsa, 2022 yilda 77 nafar mahkum shunday turdagi jinoyatni sodir etgan.

“Endilikda mahkumlarni manzil-koloniyaga o`tkazish muddatlari uzaytiriladi. Hozirgi kunda mahkumlar og`ir jinoyatlar uchun – jazoning kamida uchdan bir qismini, o`ta og`ir jinoyat uchun kamida yarmini o`taganidan so`ng manzil-koloniyaga o`tkaziladi. 

Kiritilayotgan o`zgarishlarda esa, mahkumlarni jazoni o`tash muddatidan ilgari shartli ozod qilish – og`ir jinoyatlar uchun jazoning kamida uchdan ikki qismini o`taganidan so`ng, o`ta og`ir jinoyatlar uchun esa kamida to`rtdan uch qismini o`taganidan so`ng qo`llanilishi belgilanmoqda”, deya qo`shimcha qildi Senator Narimon Umarov.

Shuningdek, Qonun bilan kiritilayotgan o`zgartirishlarga asosan jazoni ijro etish muassasasi hududini o`zboshimchalik bilan tashlab ketgan mahkumlarni saqlash rejimini ashaddiy buzuvchi deb topish uchun asos bo`ladigan 24 soatlik muddat 12 soatgacha qisqartirilib, jazoni o`tash tartibini buzganlik uchun navbatdagi uchrashuvdan mahrum etish tarzidagi jazo chorasi belgilanmoqda.

    Boshqa yangiliklar