Davolash va tashxis qo`yishning eng maqbul tizimini joriy etish, bu orqali aholining umr ko`rish davomiyligini uzaytirish — tibbiyotimiz oldidagi muhim vazifa.
Shunga ko`ra, Prezidentning 2020 yil 12 noyabrdagi tegishli qarori asosida yurtimizda Fransiya, Germaniya, Norvegiya, Rossiya, Singapur, Janubiy Koreya va Yaponiya kabi rivojlangan davlatlarning bu boradagi tajribasi asosida davlat tibbiy sug`urtalash tizimi yo`lga qo`yildi. Bu haqda SSV Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Mazkur hujjatda tibbiy xizmat ko`rsatishning yangi mexanizmi, davlat tibbiy sug`urtasi tizimi bilan bog`liq ishlarni tashkil etish va uni dastlab Sirdaryo viloyatida aprobasiyadan o`tkazish, keyingi yillarda esa respublikamizning barcha viloyatlarida bosqichma-bosqich joriy etish belgilangan edi.
O`tgan qisqa vaqt davomida aholiga kafolatlangan paket hisobidan tibbiy xizmat ko`rsatish borasidagi ishlar ushbu viloyatda samarali yo`lga qo`yildi.
2023 yil iyul oyidan esa davlat tibbiy sug`urtasi tizimi mexanizmlari Toshkent shahrida tatbiq etiladi.
Buning uchun:
- poytaxtimizdagi 72 ta poliklinika va 40 ta shifoxona kompyuter va tibbiy uskunalar bilan jihozlanadi, tibbiyot muassasalari to`liq raqamlashtiriladi;
- 1400 ta tibbiy brigadaning 4900 nafar shifokor va hamshirasi maxsus kurslarda o`qitiladi;
- “elektron resept” asosida aholining ehtiyojmand qatlamiga dori vositalarini bepul berish yo`lga qo`yiladi;
- “Toshkent tajribasi” asosida ko`p qavatli uylar joylashgan hududlarda 170 ta ixcham mahalla tibbiyot punkti tashkil etiladi;
- 579 ta mahalla fuqarolar yig`ini binosida “Salomatlik maktabi” ochiladi va sog`lom turmush tarzini faol olib borgan, yuqori natijalarga erishgan fuqarolar rag`batlantirib boriladi.
Eng muhimi, tizim to`g`ri yo`lga qo`yilib, ishlar to`liq tashkil etilgandan so`ng aholi kafolatlangan tibbiy xizmat ko`rsatish paketlaridan foydalanish imkoniga ega bo`ladi.
02.03.2023 20:00
“Elektron resept” tizimi orqali aholiga dori vositalarini bepul berish yo`lga qo`yiladi — SSV






