Mamlakatimizning Hindistondagi elchixonasi ko`magida O`zbekiston Transport vazirligi va Hindistonning «IndiGo» aviakompaniyasi mas`ul xodimlari o`rtasida onlayn-muzokaralar tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Muloqot chog`ida xorijiy aviakompaniyalarni O`zbekiston aviasiya bozoriga jalb etish, ular uchun qulay sharoitlar yaratish bo`yicha ko`rilayotgan choralar-tadbirlar, taqdim etilayotgan imtiyozlar haqidagi batafsil ma`lumotlar taqdim etildi.
«IndiGo» aviakompaniyasining xalqaro hamkorlik masalalari bo`yicha vise-prezidenti Rajan Malhotra mazkur kompaniya faoliyati, yangi xorijiy manzillar qamrovini kengaytirish bo`yicha ko`rilayotgan chora-tadbirlar xususida so`zlab berdi.
Ikki mamlakat o`rtasida tobora o`sib borayotgan sayyohlik oqimini nazarda tutgan holda hind aviakompaniyasi vakili joriy yilning ikkinchi yarmidan boshlab O`zbekistonga havo qatnovlarini yo`lga qo`yish imkoniyatlari o`rganib chiqilayotganini ma`lum qildi.
Muzokaralarning navbatdagi bosqichini tashkil etish maqsadida «IndiGo» aviakompaniyasi vakillarining yaqin muddatlarda O`zbekistonga amaliy safarini tashkil etishga kelishib olindi.






