AsosiyJamiyat

Prezident davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilishga oid qarorni imzoladi

'Prezident davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilishga oid qarorni imzoladi'ning rasmi

Mamlakatimizda davlat ulushi mavjud xo`jalik jamiyatlari va davlat unitar korxonalarida (keyingi o`rinlarda – davlat ishtirokidagi korxonalar) korporativ boshqaruvni joriy etish, ularning operasion samaradorligini oshirish va ochiqligini ta`minlash bo`yicha tizimli ishlarni davom ettirish, shuningdek, davlat ishtirokidagi korxonalarning bozor mexanizmlariga o`tishini jadallashtirish maqsadida:

1. 2023-2025 yillarda isloh qilinadigan va operasion samaradorligi oshiriladigan davlat ishtirokidagi yirik korxonalar ro`yxati ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligiga (keyingi o`rinlarda – Strategik islohotlar agentligi) mazkur korxonalarni isloh qilish vazifasi yuklansin.

2. Belgilansinki:

Strategik islohotlar agentligi “UzAssets” investisiya kompaniyasi” AJ (keyingi o`rinlarda – “UzAssets” investisiya kompaniyasi) va mazkur qarorga ilovada ko`rsatilgan davlat ishtirokidagi korxonalarda davlat aksiya paketi (ulushi) bo`yicha aksiyador (ishtirokchi) funksiyasini amalga oshiradi;

mazkur qarorga ilovada ko`rsatilgan davlat ishtirokidagi korxonalar ustav kapitalidagi davlat aksiya paketlari (ulushlari) “UzAssets” investisiya kompaniyasiga boshqaruvga beriladi;

“UzAssets” investisiya kompaniyasi tomonidan unga boshqaruvga berilgan korxonalarning ijroiya organi va kuzatuv kengashi a`zolarini tayinlash hamda sof foydani taqsimlash masalalari yuzasidan qarorlar belgilangan tartibda kelishilgan holda qabul qilinadi;

“UzAssets” investisiya kompaniyasi tomonidan xalqaro konsalting, auditorlik va investisiya maslahatchilari, investisiya banklari va boshqa ixtisoslashgan kompaniyalarni jalb etish eng yaxshi takliflarni tanlab olish asosida amalga oshiriladi. Bunda, ular bilan tuziladigan shartnomalarni ekspertizadan o`tkazish talab etilmaydi;

davlat xizmatchilari davlat ishtirokidagi korxonalar kuzatuv kengashi tarkibiga kiritilishi mumkin, ushbu korxonalar faoliyatini lisenziyalash, tartibga solish va ularning moliya-xo`jalik faoliyatini tekshirish vazifalari yuklangan davlat organlarining xodimlari (davlat organlarining rahbarlari va ularning o`rinbosarlaridan tashqari) bundan mustasno;

boshqariladigan investisiya aktivlari o`rtacha yillik qiymatining kamida 5 foizi miqdorida o`z moddiy aktivlariga ega bo`lish to`g`risidagi talab “UzAssets” investisiya kompaniyasiga nisbatan tatbiq etilmaydi.

3.Strategik islohotlar agentligining “UzAssets” investisiya kompaniyasiga quyidagi qo`shimcha vazifalarni yuklash to`g`risidagi taklifi ma`qullansin:

iqtisodiyot uchun muhim ahamiyatga ega bo`lgan yirik korxonalarni isloh qilish, shu jumladan, ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv (ESG) tamoyillarini joriy etish hamda xususiy sektorni jalb qilish;

korxonalarning rentabelligi va operasion samaradorligini oshirish, moliyaviy barqarorligini ta`minlash hamda biznes-jarayonlarni optimallashtirish;

Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkilotining korporativ boshqaruv bo`yicha tavsiyalarini joriy etish orqali o`ziga boshqaruvga berilgan korxonalarning samarali boshqarilishini va barqaror rivojlanishini ta`minlash hamda ularning qiymatini va investision jozibadorligini oshirish;

o`ziga boshqaruvga berilgan korxonalarning ijroiya organi va kuzatuv kengashiga mahalliy hamda xorijiy malakali menejerlarni jalb qilish.

4. Strategik islohotlar agentligi va “UzAssets” investisiya kompaniyasining davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilish va boshqarish bilan bog`liq xarajatlarini moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilansin:

mazkur qarorga ilovada keltirilgan davlat ishtirokidagi korxonalar tomonidan davlat ulushi bo`yicha hisoblangan dividendlar (bundan qonun hujjatlariga asosan O`zbekiston Respublikasi Davlat byudjetiga o`tkaziladigan qismi mustasno);

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligini qo`llab-quvvatlash jamg`armasi mablag`lari;

qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

5.Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, tegishli vazirlik va idoralar ikki hafta muddatda mazkur qarorda nazarda tutilgan o`zlariga tegishli aksiya paketlari (ulushlari) Strategik islohotlar agentligiga o`tkazilishini ta`minlasin.

6.Strategik islohotlar agentligi (Sh.Vafaev):

a) bir oy muddatda:

“UzAssets” investisiya kompaniyasi tashkiliy tuzilmasi va ichki korporativ hujjatlarini tasdiqlasin, ijroiya organi va kuzatuv kengashi tarkibini shakllantirsin;

“UzAssets” investisiya kompaniyasi tomonidan unga boshqaruvga berilgan har bir korxonaga konsultantlar jalb qilinishini ta`minlasin va korxonalarni isloh qilish grafigini tasdiqlasin;

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o`zgartirish va qo`shimchalar to`g`risidagi takliflarni kiritsin;

b) ikki oy muddatda “UzAssets” investisiya kompaniyasining samaradorlik muhim ko`rsatkichlarini nazarda tutgan holda, uning biznes-rejasini tasdiqlasin;

v) 2023 yil 1 iyulga qadar “UzAssets” investisiya kompaniyasi tomonidan unga boshqaruvga berilgan korxonalarning biznes-rejalari qayta ko`rib chiqilishini ta`minlasin.

7. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi rahbari S.U.Umurzakov zimmasiga yuklansin.

 

O`zbekiston Respublikasi

         Prezidenti                                                                                      Sh.MIRZIYoEV

 

Toshkent shahri, 

2023 yil 1 mart

    Boshqa yangiliklar