Prezident Shavkat Mirziyoev 27 fevral kuni investisiyalarni jalb qilish va sanoatni rivojlantirish masalalari yuzasidan yig`ilish o`tkazdi.
So`nggi yillarda barcha tarmoqlardagi dasturlarga 31 milliard dollarlik to`g`ridan-to`g`ri xorijiy investisiyalar jalb qilindi. Natijada o`tgan 5 yilda sanoat 1,4 barobar, eksport 1,5 barobarga oshdi.
Kelgusi 5 yilda iqtisodiyot barqaror o`sishi uchun sanoatni yana 1,5 barobarga oshirish, eksportni 30 milliard dollarga etkazish maqsad qilib qo`yilgan. Buning uchun 120 milliard dollar sarmoya, jumladan, 70 milliard dollar xorijiy investisiya zarur.
Bunga investisiya, sanoat va eksport bo`yicha yaxlit siyosat yuritish orqali erishish mumkin. Shu bois “Yangi O`zbekiston ma`muriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Prezident farmoniga muvofiq, Investisiyalar, sanoat va savdo vazirligi tashkil qilindi.
Yig`ilishda jahon moliya bozorlaridagi vaziyatdan kelib chiqib, soha oldidagi muhim vazifalar ko`rsatib o`tildi.
Joriy yilda 11 milliard dollarlik to`g`ridan-to`g`ri xorijiy investisiyalarni o`zlashtirish, yirik investorlar bilan manzilli ishlash bo`yicha vazifalar belgilandi. Investisiyalarni jalb qilishda iqtisodiy diplomatiyani va chet eldagi diplomatik vakolatxonalar ishtirokini kuchaytirish muhimligi qayd etildi.
Yil yakunigacha 304 ta yirik va 3 mingta hududiy loyiha ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Ularning natijasida qo`shimcha 10 trillion so`mlik mahsulotlar ishlab chiqarish yo`lga qo`yiladi.
Davlatimiz rahbari sanoat bo`yicha tarmoq va hududlardagi qo`shimcha zaxiralarni ishga solish, mahsulotlar raqobatbardoshligini oshirish uchun tannarxni kamaytirish yuzasidan ko`rsatmalar berdi.
Xorijiy konsultantlarni jalb qilib, maxsus va kichik sanoat zonalarini hududlarni rivojlantirish “drayveri”ga aylantirish, ularda yangidan yaratilayotgan ishlab chiqarish quvvatlarini joylashtirish zarurligi ta`kidlandi. To`qimachilik, charm, qurilish materiallari, elektr texnikasi, oziq-ovqat, farmasevtika, zargarlik kabi tarmoqlarda yangi mahsulotlarni o`zlashtirish, jahon brendlarini olib kelish orqali yangi bozorlarga chiqish muhimligi aytildi.
Yangi loyiha takliflarini ishlab chiqish va investorlarga taqdim etish bo`yicha loyiha guruhlarining ishini faollashtirish topshirildi.
Yig`ilishda ijtimoiy masalalarga ham to`xtalib o`tildi. Ta`lim, sog`liqni saqlash, ichimlik suvi va yo`l infratuzilmasi dasturlaridan kelib chiqib, ustuvor loyihalarni shakllantirish vazifasi qo`yildi.






