O`zbekistonda soatiga 60 km tezlik belgisi o`rnatilgan joylarda kameralar ushbu cheklangan tezlik bo`yicha jarimalarni qayd etmoqda. Bu haqda Yo`l harakati xavfsizligi xizmati ma`lum qildi.
1 iyundan respublikadagi barcha aholi punktlarida transport vositalari harakatlanishining eng yuqori tezligini soatiga 70 kilometrdan 60 kilometrgacha tushirilishi xabar qilingandi. Bu haqda jamoatchilik muhokamasi uchun e`lon qilingan 2022–2026 yillarga mo`ljallangan Yangi O`zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e`tibor va sifatli ta`lim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to`g`risidagi prezident farmoni loyihasida belgilangan.
“Tahlillarga ko`ra, yo`l-transport hodisalari yiliga 4 mingga yaqin o`lim holatlari bilan yakunlanadi. Tezlikni 10 kilometr soatga tushirish o`lim holatlarini kamida 15 foizga kamaytirishga olib keladi”, – deyilgan hujjatda.
Yo`l harakati xavfsizligi xizmati xabariga ko`ra, ayni paytda mamlakatda soatiga 60 km tezlik belgisi o`rnatilgan joylarda kameralar ushbu cheklangan tezlik bo`yicha jarimalarni qayd eta boshlagan.






