Joriy yil 1 avgustga qadar “O`zbekiston Respublikasining Konstitusiyasiga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi Konstitusiyaviy qonun loyihasining muhokamalarida yurtdoshlarimizdan 150 mingdan ortiq takliflar kelib tushgan.
Adliya vazirligi ta`kidlashicha, takliflar orasida mahalliy Kengashlarga ham hokimlarga ishonchsizlik votumini bildirish vakolatini berish haqidagi taklif dolzarb ahamiyat kasb etadi.
Ma`lum chilinishicha, O`zbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlarida mahalliy ijroiya hokimiyati organlari rahbarlari, ya`ni hokimlarga nisbatan u yoki bu vakillik organi yoki tashkilot tomonidan ishonchsizlik votumini bildirish bo`yicha normalar o`rnatilmagan.
Olingan statistik ma`lumotlarga ko`ra mahalliy davlat hokimiyati organlarining 2019-2021 yillarda jami 28 253 ta hujjatlari, shundan prokuratura, adliya va boshqa organlar ta`sir choralariga asosan 14 492 ta qaror va farmoyishlar bekor qilingan va 8 725 tasi qonun hujjatlariga muvofiqlashtirilgan, 5 036 tasi sud organlari tomonidan haqiqiy emas deb topilgan.
Mahalliy vakillik organlari vakolatlarini kuchaytirish, ularni tom ma`noda xalq vakillari sifatida ijro organlari faoliyatiga huquqiy baho berilishi huquqiy asoslarini yaratish maqsadida hokimlarga va kengashga hisobot beruvchi shaxslarga ishonchsizlik votumini bildirish yuzasidan amaldagi qonunchilik hujjatlariga tegishli o`zgartirish va qo`shimchalar kiritish taklif etildi.






