So`nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda ochiqdan ochiq yoki turli yashirin shaxsiy sahifalar, guruhlar orqali shaxsning qadr-qimmatini kamsitish orqali haqorat qilish va uni sharmanda qilishga qaratilgan holatlar ko`payib bormoqda, deyiladi Adliya vazirining Matbuot kotibi xabarida.
Uning qayd etishicha, tuhmat qilganligi uchun 2018–2022 yillarda 11 574 nafar shaxs ma`muriy javobgarlikka tortilgan. Ayni shu davrda OAV yoki internet orqali ushbu jinoyatni sodir etgan 28 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan.
"Shuningdek, OAV va internet tarmog`i orqali haqorat qilish bilan jinoyatini sodir etganligi uchun 2020 yilda 16, 2021 yilda 31, 2022 yilda 58 nafar shaxslar sud tomonidan aybdor deb topilib, tegishli javobgarlikka tortilgan.
Shaxsning qadr-qimmati kamsitilishiga yoki uning obro`sizlantirilishiga olib keladigan yolg`on axborotni tarqatganlik uchun 2021-2022 yillarda 159 kishi ma`muriy javobgarlikka tortilgan.
Raqamlardan ko`rinib turibdiki, axborot maydonida tuhmat, haqorat, shaxs qadr-kimmatini kamsitish kabi jinoyatlarga qarshi kurash bugun paydo bo`lib qolmagan, balki so`z erkinligini ta`minlash bilan parallel ravishda muntazam kechayotgan jarayondir", - deydi Matbuot kotibi.
Adliya vazirligi mazkur holatlarning amaldagi qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanganligini yana bir bor eslatmoqda.






