O`zgidromet xizmati agentligi hafta davomida — 27 fevral−3 mart kunlari kuzatiladigan ob-havo haqida ma`lumot berdi.
O`tgan hafta oxirida qisqa muddatga sovuqni olib kelgan havo massasi O`zbekiston hududidan chekinmoqda. Dushanba kunduz kuni respublika bo`yicha kam bulutli va quruq ob-havo bo`lishi kutilmoqda. Kunning o`rtasiga kelib, havo +12…+15 darajagacha isiydi.
28 fevral va 1−2 mart kunlari O`zbekiston bo`yicha yog`ingarchilik kutilmaydi, faqat Qoraqalpog`istonning ayrim tumanlarida 2 mart kuni biroz yomg`ir yog`ishi mumkin. Havo harorati asta-sekin ko`tariladi va 2 martda kechasi +2…+7 darajani, kunduzi +17…+22 darajani tashkil etadi.
Respublikaning tog`li hududlarida 27−28 fevral kunlari qor ko`chishi xavfi bor.
3 martda respublikaga Kavkaz hududlaridan biroz nam havo kirib kelishi kutilmoqda. Respublika bo`yicha bulutlilik kuchayadi, tog`oldi va tog`li hududlardagi ba`zi joylarda yomg`ir yog`adi, baland tog`larda yog`ingarchilik (yomg`ir, qor) bo`ladi. Kunduzgi harorat biroz pasayadi va +12…+17 darajani tashkil etadi.






