AsosiyJamiyat

5 yil ish stajiga ega xotin qizlar OTMga imtihonsiz qabul qilinishi aytilmoqda

'5 yil ish stajiga ega xotin qizlar OTMga imtihonsiz qabul qilinishi aytilmoqda'ning rasmi

Ijtimoiy tarmoqlarda 5 yil ish tajribasiga ega bo`lgan ayollar oliy o`quv yurtlariga imtihonsiz qabul qilinishi haqida xabarlar tarqalmoqda. Holat yuzasidan Oliy ta`lim, fan va innovasiyalar vazirligi rasmiy bayonot berdi.

Qayd etilishicha, kamida 5 yil ish stajiga ega bo`lgan xotin-qizlarni oliy ta`lim muassasalariga imtihonlarsiz o`qishga qabul qilish bo`yicha tartib mavjud emas.

Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 9 iyundagi 322-son qaroriga muvofiq mutaxassisligi bo`yicha kamida besh yil mehnat stajiga ega bo`lgan xotin-qizlarni davlat oliy ta`lim muassasalariga o`qishga qabul qilish tartibi tasdiqlangan.

Mazkur tartib 2022/2023-o`quv yilidan boshlab amaliyotga joriy etilgan bo`lib, ushbu toifadagi xotin-qizlarga jami alohida 500 ta bazaviy to`lov-kontrakt asosidagi qo`shimcha qabul parametrlari oliy ta`lim muassasalari kesimida ajratilgan.

Ushbu toifadagi xotin-qizlar ajratilgan qabul parametrlariga tanlovlarda ishtirok etishlari uchun dastlab Oila va xotin-qizlar qo`mitasining tegishli tavsiyanomasiga ega bo`lishlari lozim.

So`ng tavsiyanomaga ega bo`lgan xotin-qizlar uchun tanlovlar umumiy tartibda davlat oliy ta`lim muassasalarining bakalavriatiga o`qishga qabul qilish bo`yicha kirish imtihonlari (test sinovi, kasbiy (ijodiy) imtihon) doirasida o`tkaziladi.

Imtihonda eng yuqori ballning kamida 30 foizini to`plab, ammo talabalikka tavsiya etilmagan xotin-qizlar 500 ta bazaviy to`lov-kontrakt asosidagi qo`shimcha alohida qabul parametrlari doirasida, ballar ketma-ketligi bo`yicha tanlovda qatnashadi.

2023/2024-o`quv yilida ham kamida 5 yil ish stajiga ega bo`lgan xotin-qizlar mazkur tartibga muvofiq kirish imtihonlari natijalariga ko`ra tanlov asosida o`qishga qabul qilinadi.

    Boshqa yangiliklar