O`zbekistonda xalq tabobati rivojlanishi uchun beqiyos imkoniyatga ega. Diyorimizdagi 750 dan ortiq o`simliklar farmasevtika sanoatida qo`llashga tavsiya etilgani buning yorqin misoli.
Uzoq yillar e`tibordan chetda qolgan ushbu soha bugun yangi rivojlanish bosqichiga ko`tarilmoqda. Xususan, yurtimizda dorivor o`simliklarni etishtirish, ularni chuqur qayta ishlash borasida samarali ishlar amalga oshirilyapti.
Eng muhimi, sohadagi islohotlar tabiat bilan uyg`un holda olib borilayotgani jahon hamjamiyati tomonidan e`tirof etilmoqda. Jumladan, 2022 yil 7-8 iyun kunlari poytaxtimizda Shanxay hamkorlik tashkilotining “An`anaviy tabobat” forumi, 25 oktyabrda Markaziy Osiyo va Koreya hamkorlik forumi bo`lib o`tdi.
Joriy yilda ShHT doirasida a`zo davlatlar ekspertlarining “An`anaviy tabobat bo`yicha Ishchi guruhi Nizomi” ishlab chiqilib, mazkur tuzilma mamlakatlarda xalq tabobatini rivojlantirish va o`zaro hamkorlikni boshqarib boradi.
Bundan tashqari, Prezidentimiz tashabbusi bilan Sog`liqni saqlash vazirligi huzurida Respublika xalq tabobati ilmiy-amaliy markazi va 40 o`rinli xalq tabobati davolash bo`limi tashkil etildi. Buxoro va Andijon viloyatlarida muassasa filiallari ochilib, 2023 yil boshqa hududlarda ham faoliyati yo`lga qo`yilishi ko`zda tutilgan.
Ayni paytda yurtimizning barcha oliy tibbiy ta`lim muassasalarida xalq tabobati yo`nalishi bo`yicha bakalavr bosqichida 500 nafardan ortiq talaba tahsil olmoqda. Kelgusi o`quv yilida esa ular soni 800 nafarga etkaziladi.
Yana bir yangilik. Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazining “Nevrologiya va xalq tabobati” kafedrasida ushbu yo`nalish bo`yicha tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish yo`lga qo`yilgan.
Qolaversa, sohada zamonaviy tibbiyotning fizioterapiya, nevrologiya, terapiya singari ixtisosliklari doirasida fitoterapiya, igna bilan davolash, uqalash, girudoterapiya usullari amaliyotga tatbiq etildi. Davlat va xususiy shifoxonalarda esa hijoma, apiterapiya, naturopatiya kabi ko`plab xalq tabobati usullari samarali qo`llanilmoqda.
Shu boisdan 2023 yilda sohada etakchi mahalliy va chet el tibbiyot muassasalari hamda sog`lomlashtirish amaliyot markazlari bilan yaqin hamkorlik aloqalari o`rnatiladi.
25.02.2023 14:32
Tibbiyot oliy o`quv yurtlarida xalq tabobati bo`yicha tahsil olayotgan talabalar soni 800 nafarga etkaziladi






