Joriy yilning fevral oyida ijtimoiy tarmoqlarda noma`lum shaxsning diniy adovat qo`zg`atuvchi mazmundagi tahdidli videomurojaati tarqalib, turli muhokamalarga sabab bo`lgan edi.
Toshkent shahar IIBB tomonidan ushbu holat yuzasidan o`tkazilgan o`rganishlar davomida mazkur videomurojaat muallifi 1990 yilda Toshkent shahrida tug`ilgan fuqaro N.X. ekanligi aniqlangan.
Din ishlari bo`yicha qo`mitaning xulosasiga ko`ra, ushbu videorolik ekstremizm g`oyalari bilan yo`g`rilgan bo`lib, diniy adovat keltirib chiqarishga xizmat qiladi va shu turdagi materiallarni O`zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, tayyorlash va tarqatish taqiqlanadi.
"Ta`kidlash lozimki, O`zbekiston Respublikasi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to`g`risida”gi qonunining 4-moddasiga binoan, O`zbekiston Respublikasining konstitusiyaviy tuzumini zo`rlik bilan o`zgartirish, uning suvereniteti va hududiy yaxlitligiga putur etkazish, fuqarolarning konstitusiyaviy huquq va erkinliklarini kamsitish, urushni, milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovatni targ`ib qilish, fuqarolarning sog`lig`i va axloqiga tajovuz qilish, fuqarolar totuvligini buzish, vaziyatni beqarorlashtiruvchi tuhmatdan iborat uydirmalarni tarqatish, aholi o`rtasida sarosima uyg`otish hamda shaxs, jamiyat va davlatga qarshi qaratilgan boshqa harakatlar sodir etish maqsadida dindan foydalanishga yo`l qo`yilmaydi.
Shuningdek, mazkur qonunning 5-moddasiga ko`ra, mamlakatda vijdon erkinligini ta`minlashning asosiy ustuvorliklaridan biri sifatida jamoat tartibiga, O`zbekiston Respublikasi fuqarolarining sog`lig`i va axloqiga, huquq va erkinliklariga tahdid soluvchi diniy g`oyalar hamda qarashlarning singdirilishi va tarqatilishiga qarshi kurashish belgilab qo`yilgan", - deyiladi rasmiy bayonotda.
Ma`lum qilinishicha, yuqoridagi holat yuzasidan fuqaro N.X.ga nisbatan Yashnobod tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo`limi tomonidan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 244-1-moddasi uchinchi qismi (Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish, ommaviy axborot vositalaridan yoxud telekommunikasiya tarmoqlaridan, shuningdek Internet jahon axborot tarmog`idan foydalanib sodir etilgan bo`lsa) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.






