O`zbekistondagi ayrim OAV va ijtimoiy tarmoqlar orqali tuhmat va haqorat qilish, shaxsning qadr-qimmati kamsitilishiga yoki uning obro`sizlantirilishiga olib keladigan yolg`on axborotlar tarqatish holatlari ko`payib borayotgani ma`lum bo`ldi. Bu haqda Bosh prokuratura xabar berdi.
Ma`lum qilinishicha, bugungi kunda ayrim Telegram kanallari va boshqa ijtimoiy tarmoqlar orqali amalga oshirilgan jinoyatlarga aloqadorlik yuzasidan bir guruh fuqarolarga nisbatan jinoyat ishi qo`zg`atilgan hamda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Tergov jarayonlarida ular advokat bilan ta`minlangan hamda qonunchilikda belgilangan boshqa huquq va erkinliklari to`liq ta`minlangan. Biroq ushbu jarayon haqida tegishli ma`lumotlar to`liq berib borilayotganiga qaramay, ayrim shaxslar tomonidan jarayonni huquqiy makon doirasidan chiqarib, o`z sub`ektiv talqini orqali ommani chalg`ituvchi axborotlar tarqatishga urinishlar bo`lmoqda.
Bosh prokuratura esa ushbu holatlarning «so`z erkinligiga tahdid» deb talqin qilinishini asossiz deb atadi.
«So`z erkinligi kabi muhim qadriyatning o`z shaxsiy manfaatlari yo`lida qurolga aylantirishga hech kimning haqqi yo`q va bunga yo`l qo`yilmaydi. So`z erkinligi boshqa shaxslarga nisbatan noqonuniy harakatlar amalga oshirish huquqini bermaydi. Prokuratura organlari barcha jinoyat ishlarida bo`lgani kabi ijtimoiy tarmoqlar orqali amalga oshirilgan jinoyatlar bo`yicha ishda ham qonun ustuvorligini to`liq ta`minlash, ishning to`g`ri va adolatli hal etilishi uchun barcha nazorat funksiyalarini amalga oshiradi. Har bir gumonlanuvchi, ayblanuvchi va sudlanuvchiga ayblovdan himoyalanish uchun qonunda nazarda tutilgan barcha vosita va usullardan foydalanish imkoniyati beriladi», — deyiladi Bosh prokuratura xabarida.
Bundan tashqari, ayrim Telegram kanallari va boshqa ijtimoiy tarmoqlar orqali amalga oshirilgan jinoyatlar bo`yicha ish mohiyatini buzib ko`rsatish, yolg`on axborot tarqatishga bo`lgan urinishlarga yo`l qo`yilmasligi ma`lum qilingan. Shu bilan birga, odil sudlovni amalga oshirishda to`sqinlik qilish, sud va tergov jarayoniga aralashishga bo`lgan urinishlarga qonunchilikda belgilangan tartibda choralar ko`rilishi qayd etilgan.






