Dunyoda har ikki daqiqada homilador yoki tug`uruq arafasidagi ayol vafot etadi. Bu haqda JSST tomonidan tayyorlangan “Onalarda o`lim holatlari tendensiyasi” hisobotida so`z boradi, deb yozadi zamon.uz.
Xususan, 2020 yilda shu kabi 287 ming holat qayd etilgan. 2000-2015 yillarda ekspertlar onalar o`limi kamayganini ta`kidlashgan. Ammo 2016-2020 yillarda bu ko`rsatkich Evropa va Shimoliy Amerikada 17 foizga, Lotin Amerikasi va Karib dengizi havzasida 15 foizga oshgan.
O`lim holatlari qashshoq va nizoli mintaqalarda, ayniqsa, baland. Masalan, 2020 yilda barcha onalar o`lim holatlarining 70 foizi Sahroyi Kabir janubidagi Afrika davlatlarida aniqlangan.
JSST Bosh direktori Tedros Adanom Gebreyesusning so`zlariga ko`ra, malakali tibbiy xizmatga imkoniyati yo`q ayollar uchun homiladorlik “o`ta og`ir va xavfli sinov” bo`lib qolmoqda.
Bundan tashqari, tug`uruqdan keyin ayollarning 1/3 qismi bazaviy yordam olmaydi. Shuningdek, 270 million xotin-qizlar reproduktiv salomatlik bo`yicha zamonaviy metodlardan foydalanish imkoniyatidan mahrum.






