Rossiya Federasiyasi Kommunistik partiyasidan (RFKP) Samara oblasti dumasi deputati Mixail Abdalkin Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Federal majlisga qilgan murojaatini tomosha qilayotgan paytida qulog`iga lag`mon taqib oldi. Bu haqdagi video va fotosuratni ijtimoiy tarmoqqa joylashtirdi.
«Samara guberniyasi dumasi raisi o`rinbosari M.Yu.Antimonova iltimosiga binoan prezidentning ikki soatlik murojaatini tingladim. To`liq qo`llab-quvvatlayman, to`liq qo`shilaman, ajoyib nutq. Men so`nggi 23 yil ichida bunday narsalarni eshitmaganman. Hayratdaman», deb yozdi u.
Quloqqa lag`mon ilish — XIX asrda paydo bo`lgan frazeologizm, odatda aldash, yolg`on gapirish, chalg`itish ma`nolarini anglatadi.
O`z navbatida RFKP matbuot kotibi Aleksandr Yushchenko deputatning qilig`ini «ahmoqlik» deb atadi undan «o`z professional faoliyatiga baho berishni» talab qildi. Uning so`zlariga ko`ra, «internetda oniy mashhurlikka intilish ishtiyoqi» juda xavfli bo`lishi mumkin va Abdalkin saylovchilarning haqiqiy muammolari bilan shug`ullanishi kerak.
Yushchenkoning aniqlik kiritishicha, deputatning qilig`i Samara oblasti dumasi rahbariyati tomonidan e`tiborsiz qoldirilmaydi.
Mixail Abdalkin 1988 yilda Novokuybishevsk shahrida tug`ilgan. Samara guberniyasi dumasi 7-chaqiriq deputati, RFKP Novokuybishevsk qo`mitasi birinchi kotibi, shuningdek, Samara oblasti «Rabochaya Assosiasiya» kasaba uyushmasi raisi o`rinbosari hisoblanadi.






