AsosiyJamiyat

O`zbekiston va Misr Prezidentlari o`rtasida muzokaralar bo`lib o`tdi

'O`zbekiston va Misr Prezidentlari o`rtasida muzokaralar bo`lib o`tdi'ning rasmi

Qohiradagi “Al-Ittihodiya” saroyida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev va Misr Arab Respublikasi Prezidenti Abdulfattoh as-Sisining muzokaralari bo`lib o`tdi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi xabar berdi.

Davlat rahbarlari O`zbekiston-Misr hamkorligini yanada rivojlantirish masalalarini atroflicha muhokama qilib, o`zaro munosabatlarni keng qamrovli sheriklik darajasiga olib chiqishga kelishib oldilar.

Siyosat, xavfsizlik, savdo va sanoat kooperasiyasi sohalaridagi hamkorlikni tubdan kengaytirish hamda madaniy-gumanitar va ta`lim aloqalarini mustahkamlash masalalari muzokaralarning asosiy mavzulari bo`ldi.  

Prezidentlar Misrning “Nazar-2030” strategik rejasi va Yangi O`zbekistonning taraqqiyot strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar bir-biriga hamohang ekanini qayd etdilar.

Davlatimiz rahbari Misr Prezidentini Iqlim o`zgarishi bo`yicha  SOR-27 xalqaro sammiti muvaffaqiyatli o`tkazilgani bilan tabrikladi.

Muzokaralar chog`ida etakchilar ikki tomonlama munosabatlar jadal rivojlanib borayotgani, keng siyosiy muloqot faollashgani, BMT, IHT, ShHT va Qo`shilmaslik harakati kabi xalqaro tashkilotlar doirasida o`zaro ko`maklashilayotgani, parlamentlararo aloqalar jadallashgani mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Tomonlar korrupsiyaga, xavfsizlik sohasidagi zamonaviy xatar va tahdidlarga qarshi kurashishda tajriba almashishdan, Afg`onistonni barqarorlashtirish va qayta tiklash bo`yicha xalqaro tashabbuslarni qo`llab-quvvatlashdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.

Savdo-iqtisodiy va investisiyaviy hamkorlikni rivojlantirishga alohida e`tibor qaratildi. Prezidentlar davlatimiz rahbarining tashrifi arafasida o`tgan O`zbekiston-Misr ishbilarmonlik tadbirlarining yakunlarini yuksak baholadilar.

O`zaro investisiyalar jalb qilish uchun qulay sharoitlar yaratishga kelishib olindi. Ikki mamlakat iqtisodiyotlari bir-birini to`ldirib turuvchi xususiyatga ega ekanidan kelib chiqib, beshta aniq yo`nalishda - gaz-kimyo, to`qimachilik, elektrotexnika, zargarlik va farmasevtika tarmoqlarida hamkorlik qilish choralari belgilab olindi.   

Sanoat kooperasiyasini rivojlantirish va yuqori rentabelli qo`shma ishlab chiqarishlar tashkil etish maqsadida O`zbekistondagi erkin iqtisodiy zonalar imkoniyatlaridan foydalanish taklif qilindi.

Energetika sohasida qo`shma loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, O`zbekiston va Misrni bog`lab turgan transport yo`laklarini rivojlantirish choralari ham muhokama qilindi. 

Madaniy-gumanitar va diniy aloqalarni rivojlantirish muhimligi qayd etildi. Arab tili mutaxassislarini tayyorlash sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan kelishuvga erishildi. O`zbekiston Prezidenti 2024 yilda Arabshunoslik global forumini birgalikda taklif etish tashabbusini ilgari surdi.

Davlat rahbarlari xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdilar.

Uchrashuv ochiq, samimiy va do`stona muhitda o`tdi. Yakunda Shavkat Mirziyoev Abdulfattoh as-Sisini mamlakatimizga tashrif bilan kelishni taklif etdi.

    Boshqa yangiliklar