AsosiyJamiyat

Misrlik mutaxassislar O`zbekistonda uch yo`nalish bo`yicha ta`lim beradi

'Misrlik mutaxassislar O`zbekistonda uch yo`nalish bo`yicha ta`lim beradi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi oliy ta`lim, fan va innovasiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov Misr Arab Respublikasiga xizmat tashrifi doirasida Oliy ta`lim va ilmiy tadqiqotlar vaziri Ayman Ashur bilan muzokaralar o`tkazdi.

Uchrashuv avvalida tomonlar 2022 yilning oktyabr oyida imzolangan ikki davlat o`rtasida ilm-fan, tadqiqotlar va innovasiyalarni rivojlantirish yo`nalishida hamkorlik aloqalarini o`rnatish bo`yicha Anglashuv memorandumi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar borasida fikr almashdilar.  

I.Abdurahmonov yangi tashkil etilgan Oliy ta`lim, fan va innovasiyalar vazirligining vazifalari, maqsadlari va rejalari haqida ma`lumot berib, oliy va professional ta`lim sohasida ham hamkorlikda loyihalar ishlab chiqish va amalga oshirish lozimligini qayd etdi.  

Uchrashuvda Misr oliy ta`lim muassasalari professor-o`qituvchilarini O`zbekistondagi oliy ta`lim muassasalarida dars berishlari masalasi bo`yicha fikr almashildi. Misr tomoni bu taklifni qo`llab-quvvatlashini bildirdi. Tomonlar jurnalistika, turizm hamda aniq fanlar yo`nalishlarida ta`lim beruvchi misrlik mutaxassislarni O`zbekistonga jalb qilish masalasiga kelishdilar.  

Shuningdek, Oliy ta`lim, fan va innovasiyalar vaziri hamda Misr Arab Respublikasi Oliy ta`lim va ilmiy tadqiqotlar vaziri hamkorlikdagi 2023-2024 yillarga mo`ljallangan chora-tadbirlar rejasi loyihasini muhokama qilib, imzolashga kelishdilar.  

Ta`kidlash joizki, O`zbekiston bilan Misr o`rtasida oliy ta`lim sohasida, xususan, arab tili va arab adabiyoti, islomshunoslik, manbashunoslik, Arab Sharqi mamlakatlari iqtisodiyoti, farmakologiya, qishloq xo`jaligi, veterinariya va boshqalar yo`nalishlarda mustahkam aloqalar mavjud bo`lib kelgan.  

Shu bilan birga, yurtimizning qator oliy ta`lim maskanlarida arab tili bo`yicha kadrlar tayyorlanmoqda. Xususan, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, O`zbekiston xalqaro islom akademiyasi, O`zbekiston davlat jahon tillari universiteti, Samarqand davlat chet tili instituti, Toshkent davlat o`zbek tili va adabiyoti universiteti va Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida jami 4 mingdan ortiq talaba arab tilini alohida ta`lim yo`nalishi sifatida o`rganmoqda.  

    Boshqa yangiliklar