AsosiyJamiyat

Toshkentda ichki kiyimlar do`konidagi reklamani tanqid qilgan yigit jarimaga tortildi

'Toshkentda ichki kiyimlar do`konidagi reklamani tanqid qilgan yigit jarimaga tortildi'ning rasmi

Toshkent shahri “Buyuk Ipak yo`li” metro bekati atrofida joylashgan ichki kiyimlar savdo do`konidagi reklama bannerini tanqid qilgan fuqaro jarimaga tortildi. Bu haqda poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi ma`lum qildi.

Qayd etilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda fuqaro Sh.A. Mirzo Ulug`bek tumanidagi “Buyuk Ipak yo`li” metro bekati atrofida joylashgan savdo do`konlaridan birining reklama bannerlarini tanqid qilgan. 

Uning munosabatidan keyin mutasaddi rahbarlar reklama mahsulotlarini olib tashlagan. Shundan so`ng, holat bo`yicha jamoatchilik keskin fikrlar bildirgan. Hozirda reklama mahsulotlari joyiga qaytarilgan.

Holatni o`rganish maqsadida o`tkazilgan suhbat davomida fuqaro yuqorida keltirilgan do`kondagi reklama bannerlariga nisbatan munosabatini o`zining diniy qarashlaridan kelib chiqqan holda bildirganini ma`lum qildi.

Shuningdek, Sh.A. turli diniy mavzudagi materiallarni amaldagi qonunchilikka zid ravishda ijtimoiy tarmoqlardagi shaxsiy sahifasi orqali tarqatib kelayotgani aniqlandi.

“Huquqbuzarliklar profilaktikasi to`g`risida”gi qonunga asosan o`tkazilgan profilaktik suhbat davomida mazkur fuqaroga qonunchilik hujjatlari talablari tushuntirib o`tildi. 

Xususan, “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to`g`risida”gi qonunning 18-moddasida tadbirkorlik faoliyati sub`ektlari huquqlarining kafolatlari belgilangan. Jumladan, tadbirkorlik sub`ekti mulk huquqi asosida o`ziga tegishli bo`lgan mol-mulkka o`z xohishiga ko`ra egalik qiladi, undan foydalanadi va uni tasarruf etadi.

Qayd etilishicha, mazkur qonunning 35-moddasiga binoan, tadbirkorlik faoliyati sub`ekti o`z ishchanlik obro`siga putur etkazadigan ma`lumotlarga raddiya berilishini sud tartibida talab qilishga haqli. Bunday ma`lumotlarga raddiya berilishi bilan bir qatorda ularning tarqatilishi oqibatida etkazilgan zararning o`rni qoplanishini va ma`naviy zarar kompensasiya qilinishini talab etishga haqli.

“Turmushda va jamiyatda qabul qilingan xulq-atvor normalari va qoidalariga rioya etishda insonlar o`zlarining shaxsiy diniy va axloqiy qarashlari orqali boshqalarga baho berishi yoki boshqacha ko`rinishda aralashishi mumkin emas. Ushbu tartibga qarshi har qanday insonlarning harakati qonun asosida qat`iy ta`qib qilinadi. 

Shuningdek, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to`g`risida”gi qonunining 10-moddasiga binoan, mamlakat hududida diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash va tarqatish dinshunoslik ekspertizasining ijobiy xulosasi olinganidan keyin amalga oshiriladi", deyiladi xabarda.

Shu munosabat bilan, fuqaro Sh.A.ga nisbatan Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 184-2-moddasiga (Diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish) asosan, bazaviy hisoblash miqdorining 3 barobari miqdorida jarima jazosi tayinlandi.

    Boshqa yangiliklar