AsosiyJamiyat

Shavkat Mirziyoev Buxorodagi Mir Arab oliy madrasasini borib ko`rdi

'Shavkat Mirziyoev Buxorodagi Mir Arab oliy madrasasini borib ko`rdi'ning rasmi

Davlatimiz rahbari Buxoro shahridagi Mir Arab oliy madrasasini borib ko`rdi.

Bu madrasa 500 yillik tarixga ega. Undan ko`plab olimlar, imomlar, muftiylar etishib chiqqan. Lekin o`tgan asrda uning maqomi o`rta maxsus bilim yurti darajasiga tushib qolgan edi. Binosi ham zax tortgan, kitoblar etishmasdi.

Shavkat Mirziyoev 2017 yilda bu erga kelib, ahvolni ko`rgan, madrasaning tarixiy mavqeini tiklashni maqsad qilgan edi. Buning uchun Ark yaqinida yangi bino barpo etildi va yaqinda foydalanishga topshirildi.

Oliy madrasa 200 o`ringa mo`ljallangan. Bu erda Qur`oni karim, hadis, fiqh va tasavvuf ilmlari, xorijiy tillar puxta o`rgatiladi. Bugungi kunda jami 107 nafar talaba ta`lim olmoqda.

O`quv xonalari, kutubxona, faollar zali, talabalar yotoqxonasi va xizmat uyi, sportzal va basseynda barcha qulayliklar yaratilgan.

Davlatimiz rahbari madrasa talabalari bilan suhbatlashdi.

- Bunday uzoq tarixga ega ta`lim dargohlari juda kam, - dedi Shavkat Mirziyoev. - Bugun uning sharoitini yaxshilab, tarixiy adolatni tiklaganimiz xayrli ish bo`ldi, deb o`ylayman. Demokratik islohotlarimiz natijasida diniy sohaga ham erkinlik epkini kirib keldi. Shu bilan birga, axborot makoni ham ochiq. Internetda ilmiy asosi bo`lmagan turli talqinlar ham bor. Lekin ularni tajribasiz yoshlar qaerdan biladi? Buni sizga o`xshagan ilmli kishilar, imom-xatiblarimiz isbotlab, to`g`ri tushuntirib berishi kerak.

Diniy ta`lim soatlari va sifatini isloh qilish, uni amaliyot bilan bog`lash bo`yicha fikrlar bildirildi.

Shu bilan Prezidentning Buxoro viloyatiga tashrifi yakunlandi, davlatimiz rahbari Toshkentga jo`nab ketdi.

    Boshqa yangiliklar