AsosiyJamiyat

Daraxtlarning noqonuniy kesilishi 2022 yilda tabiatga 10 mlrd so`m zarar etkazgani aytildi

'Daraxtlarning noqonuniy kesilishi 2022 yilda tabiatga 10 mlrd so`m zarar etkazgani aytildi'ning rasmi

O`zbekistonda 2022 yilda daraxt va butalarning noqonuniy kesilishi bilan bog`liq 4599 ta holat aniqlanib,  huquqbuzarlarga nisbatan 7,3 milliard so`m ma`muriy jarima va 10 milliard so`m tabiatga zarar belgilangan. Bu haqda Tabiat resurslari hamda Qurilish va uy-joy kommunal xo`jaligi vazirliklariga tayanib Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmati xabar berdi.

Aniqlanishicha, 2022 yil davomida jami 1777 tup qimmatbaho va ko`p yillik daraxt kesilgan. Umumiy hisobda yil davomida daraxt va butalarning noqonuniy kesilishi oqibatida tabiatga 10 milliard so`m zarar etkazilgani aniqlangan.

Bundan tashqari, mas`ullar tomonidan Toshkent shahridagi qurilish ob`ektlari xatlov qilinganida er ajratish bilan bog`liq 2019 yilda 235 ta, 2020 yilda 89 ta va 2021 yilda 99 ta ob`ektga o`rganilmasdan va davlat ekologik ekspertizasining xulosasi olinmasdan qurilishga er ajratib berilgani va qurilish loyihalari ishlab chiqilgani aniqlangan.

Shuningdek, 2022 yilda Toshkent shahrining 11 ta tumanidagi 332 ta xo`jalik yurituvchi sub`ekt xududlari o`rganilishi natijasida umumiy 21 031 dona turli xildagi daraxt xatlovdan o`tkazilgan, ularning 17 767 donasi manzarali, 2599 tasi mevali daraxtlar bo`lib, ularning 103 tasi qurib qolgani va 20 tasi turli xil kasallangani ma`lum bo`lgan.

Bugungi kunda respublika bo`yicha 500 dan ziyod qurilish ob`ektlari atrofi o`rab olingan bo`lib, ularda 24 mingga yaqin daraxtlar taqdiri xavf ostida qolayotgani ma`lum qilingan. Shu bilan birga, bir qator qurilish ob`ektlarida daraxtlarni kesib tashlash holatlari sodir etilgan.

Jumladan, Toshkent shahar Mirzo Ulug`bek tumani hududida joylashgan qurilish ob`ektida xandaq (katlavan) qazish ishlari olib borilgan hududda jami 55 tup daraxt yo`q qilingan. Chilonzor tumanigi ko`p qavatli turar joy binosi qurilishi uchun o`rab olingan hududda esa 18 tup daraxt shikastlantirilgani aniqlangan. Bundan tashqari, Yashnabod tumanida qurilish ob`ektida 83 tup ko`p yillik manzarali daraxt noqonuniy ravishda kesilgani ma`lum bo`ldi.

    Boshqa yangiliklar