Joylarda giyohvandlik vositalari savdosiga qarshi tezkor tadbirlar o`tkazildi, deya "darakchi.uz"ga xabar bermoqda DXX matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, Davlat xavfsizlik xizmatining Farg`ona viloyati bo`yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbirda Quvasoy shahrida yashovchi, 1987 y.t. shaxsning yashash xonadoni ko`zdan kechirilganda, kelgusida sotish maqsadida saqlab kelinayotgan 1 kg 454 gr. “gashish” moddasi borligi aniqlanib, prosessual tartibda rasmiylashtirib olindi. Aniqlanishicha, ushbu ajal og`usi tojikistonlik narkokur`erlar tomonidan olib kelingan.
Bu yo`nalishda DXX Sirdaryo viloyati bo`yicha boshqarmasi xodimlari ham viloyat bojxona boshqarmasi bilan hamkorlikda bir nechta faol tadbirlar o`tkazishdi.
Jumladan, Qo`qon shahrida yashovchi, 1976 va 1996 yillarda tug`ilgan ikki fuqaro tojikistonlik narkokur`erlar tomonidan Toshkent viloyatining Ohangaron tumani hududiga kontrabanda yo`li bilan o`tkazilib, xufiyona joyga yashirib ketilgan 863 gr. “opiy” moddasini olib, doimiy yashash manzillariga qaytib ketayotgan vaqtlarida “Chinor” YPX maskanida qo`lga olindi.
Ta`kidlash lozimki, mazkur shaxslar muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog`liq jinoyat sodir etganliklari uchun sudlanib, jazo muddatini o`tagan bo`lsalarda, o`z xatolaridan to`g`ri xulosa chiqarishmagan.
Toshkent shahrida o`tkazilgan tezkor tadbirda esa Surxondaryo viloyatining Denov tumanida yashovchi, 1990 y.t., muqaddam sudlangan fuqaro 274 gr. “gashish” moddasini Yunusobod tumanida istiqomat qiluvchi, 1992 y.t. shaxsga 35 mln. so`mga sotmoqchi bo`lgan vaqtida ularning ikkalasi ham ushlandi.
Boshqa bir holatda esa “Qo`qon-Toshkent” yo`nalishida harakatlanayotgan “Lasetti” rusumli avtomashina Bektemir tumanidagi “Sharq” YPX maskanida to`xtatilib ko`zdan kechirildi. Natijada, unda yo`lovchi sifatida ketayotgan, Qo`qon shahrida yashovchi, 1991 y.t. fuqaroga tegishli 600 dona “Tramadol” giyohvandlik vositasi, 168 dona “Regapen” va 79 dona “Tropikamid” kuchli ta`sir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlanib, prosessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Ma`lum bo`lishicha, ushbu giyohvandlik vositalari Qirg`iz Respublikasidan noqonuniy yo`llar bilan olib kelingan.
Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.






