AsosiyJamiyat

Qaerda yomg`ir, qaerda 12 darajagacha iliq? Dam olish kunlari uchun ob-havo ma`lumoti e`lon qilindi

'Qaerda yomg`ir, qaerda 12 darajagacha iliq? Dam olish kunlari uchun ob-havo ma`lumoti e`lon qilindi'ning rasmi

O`zgidromet dam olish kunlari uchun ob-havo ma`lumotini e`lon qildi. 

Qayd etilishicha, o`tgan hafta yomg`irli bo`ldi. Qoraqalpog`iston va Xorazm viloyatidan tashqari, oxirgi 2 kun ichida deyarli hamma joyda vaqti-vaqti bilan eng jadal yomg`irlar yog`di. Tog`oldi va tog`li hududlarda yomg`ir va qor ko`rinishidagi yog`ingarchilik kuchli bo`ldi.

Hududning katta qismida bugun kunduz kuni yomg`ir yog`ishi davom etadi. Qoraqalpog`iston va Xorazm viloyatida biroz yog`ingarchilik faqat ayrim joylarda bo`lishi mumkin. Buxoro va Navoiy viloyatlarida kuchsiz yomg`ir faqat ertalab yog`adi.

Havo harorati 5-10 daraja iliq, shimolda 0-5 daraja iliq atrofida bo`ladi.

Shanba kuni respublika hududining katta qismida yog`ingarchilik to`xtaydi, faqat respublika janubi-sharqiy hududlarining ba`zi joylarida biroz yomg`ir yog`adi. Yakshanba kuni O`zbekistonning barcha hududlarida yog`ingarchiliksiz ob-havo bo`lishi kutilmoqda. Respublika bo`yicha ba`zi joylarga tuman tushishi kuzatiladi.

Havo harorati kechasi 0-5 daraja iliq atrofida, ba`zi joylarda 2 daraja sovuqgacha bo`ladi, kunduz kuni esa havo 7-12 daraja iliqgacha isiydi.

Bugun poytaxtda vaqti-vaqti bilan yomg`ir yog`adi, dam olish kuni yog`ingarchilik kutilmaydi. Kechasi va ertalab tuman tushishi mumkin. Harorat kechasi 0-3 daraja iliq, kunduzi shanba kuni 8-10 daraja iliq, yakshanba kuni 10-12 daraja iliq bo`ladi.

Respublikaning tog`oldi va tog`li hududlarida 17-18 fevral kunlari sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.

 

    Boshqa yangiliklar