Boks ixlosmandlari og`ir vazn toifasidagi sobiq mashhur bokschilar Evander Xolifild va Mayk Tayson bilan bo`lgan janglarni maroq bilan kuzatgani shubhasiz. 1997 yildagi afsonaviy jang-chi, yodingizdami? Unda Tayson raqibi Xolifild qulog`ining bir qismini uzib olgandi. Buni qarangki, mazkur “jang” “Eski Juva” bozorida takrorlandi...
Gap shundaki, “Eski Juva”ning sut maxsulotlari sotishga mo`ljallangan savdo rastasi “ringi”da 1993 va 1994 yilda tug`ilgan ikki sotuvchi ayol “jang”ga chiqdi. O`rtalarida avvaldan bo`lgan kelishmovchilik zamiridagi o`zaro janjal murosasiz “jang”ga ulandi. Natijada 1994 yilda tug`ilgan ayol qo`shni savdo rastasida sut maxsulotlari savdosi bilan shug`ullanuvchi 1993 yilda tug`ilgan hamkasbiga qasddan tan jarohati etkazish maqsadida tanasining turli qismlariga qo`l va oyoqari bilan urib, o`ng qulog`ini tishlab oladi.
Sudga oid tibbiyot ekspertizasining xulosasiga ko`ra, 1993 yilda tug`ilgan sudlanuvchi ayolga o`ng quloq solinchagini ezilib yirtilgan yarasi, chap elka, chap boldir ichki, o`ng son va o`ng boldir sohalari qontalashlari, chap qo`l 5-kaft suyagi sathi, o`ng lunj va o`ng tovon sohalari shilinmalari ko`rinishidagi badanning tuzalmaydigan darajadagi xunuklashishiga sabab bo`lgan qasddan og`ir shikast etkazgan.
Jang jangdek o`tishi uchun albatta javob “zarbalari” ham bo`lishi tabiiy. Biroq shuni unutmaslik kerakki, bunday “jang”larning achchiq “zarbasi”ni totib ko`rgan aqli raso kishi o`ziga xulosa qiladi. Lekin 1993 yilda tug`ilgan sotuvchi ayol muqaddam Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 52-moddasi (engil tan jarohati etkazish) 2-qismi bilan aybdor deb topilib, jarima jazosiga tortilgan bo`lsa-da, bundan o`ziga tegishli xulosa chiqarmagan. Yo`qsa, hamkasbiga qasddan tan jarohati etkazib, 1994 yilda tug`ilgan sotuvchi ayolga chap elka sohasi qontalashi, pastki lab ichki shilliq qavatiga qon qo`yilishi ko`rinishidagi sog`liqning qisqa muddatga yomonlashuviga olib keladigan engil shikast etkazmagan bo`lardi.
1994 yilda tug`ilgan sudlanuvchi ayol aybiga qisman iqrorlik bildirdi: — O`sha kuni ertalabdan savdo qilish maqsadida ish joyimga keldim. Oradan biroz vaqt o`tib, yonimga sotuvchi hamkasbim ham keldi. Bir necha soat vaqt o`tganidan so`ng oldimizga xaridor keldi va mening mahsulotim yoqqanini aytdi. So`ng sotuvchi hamkasbim unga mahsulotim Qashqadaryodan kelishi, sifati yaxshi emasligini ayta xaridorni qaytarmoqchi bo`lib harakat qila boshladi. Sherigim o`z mahsuloti solingan qoshiqni uzatdi. Qo`lini ortga itartib yuborganimdan so`ng, u meni oyog`i bilan oyog`imga tepdi. So`ng esa u sochimga, men esa uning yoqasiga yopishdim.
“Karvon ko`p, rizqi bo`lak”, deydi dono xalqimiz. Biroq bu naqlni anglamagan ikki sotuvchi ayol xaridor talashish ortidan sud kursisigacha etib borishdi. “Jang”ga shu qadar berilib ketganlaridan hatto birining qulog`i uzilib tushganini og`riq kuchidan anglaydi.
— Bir vaqt o`ng qulog`imda kuchli og`riqni his qila boshladim va “qo`yib yubor” deb baqirdim. O`sha erdagi bir ayol sherigimning ustidan chelakda suv sepgach, u to`xtadi va uning yuziga qaraganimda og`zi qon ekanini ko`rdim. Shok holatiga tushib, qulog`imga qo`lim bilan tekkan vaqtimda o`ng qulog`imning yarmi yo`q ekanini bildim, atrofdagilarga qulog`imni qidirishni aytdim, - deydi 1993 yilda tug`ilgan sudlanuvchi ayol.
Bokschi Xolifild o`sha mashhur jangi haqida fikr bildirarkan “bir tomondan, bu juda yomon lahzalar, ammo ayni paytda yaxshi daqiqalar edi. Birinchidan, men 35 million dollar ishladim, ikkinchidan, jahon chempioni bo`ldim. Ammo, bu voqeadagi eng muhim narsa, men kechirishni o`rgandim. Qanday bo`lmasin, kechirishni o`rganish kerak”, degandi.
“Eski Juva”da o`tgan “jang”da “bokschi” ayollar katta miqdordagi pul yutug`i va chempionlikni emas, balki jarima va ozodlikdan cheklash jazosini “ishlab olishdi”. Aniqrog`i, Jinoyat ishlari bo`yicha Shayxontohur tuman sudi sudyasi Bobir Raximov e`lon qilgan hukmga ko`ra, 1993 yilda tug`ilgan sotuvchi ayol qasddan badanga engil shikast etkazishda aybdor deb topilib, bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari miqdorida jazo tayinlandi. 1994 yilda tug`ilgan sudlanuvchi ayolga esa qasddan badanga og`ir shikast etkazish bilan aybdor deb topildi va 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.
Sadoqat ALLABERGANOVA,
Toshkent shahar sudi matbuot kotibi






