O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 16 fevral kuni Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon bilan telefon orqali muloqot qildi.
Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Tojikiston etakchisiga mamlakatning janubi-sharqida qor ko`chishi oqibatida insonlar qurbon bo`lgani va jiddiy talafotlar ko`rilgani munosabati bilan chuqur hamdardlik bildirdi.
Ikki tomonlama va mintaqaviy kun tartibining dolzarb masalalari ko`rib chiqildi.
Oliy darajada, eng avvalo savdo, sanoat kooperasiyasi, qishloq xo`jaligi, energetika, transport va boshqa yo`nalishlarda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish choralari muhokama qilindi.
Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularning oqibatlariga qarshi kurashish borasida samarali hamkorlikni yo`lga qo`yish muhimligi ta`kidlandi.
Bo`lajak tadbirlar, shu jumladan ko`p tomonlama tashkilotlar doirasidagi muloqotlar rejasi ham ko`rib chiqildi.






