AsosiyJamiyat

Afg`onistonda bir oyda yuzlab bolalar sovuq va kasallikdan vafot etdi — UNICEF

'Afg`onistonda bir oyda yuzlab bolalar sovuq va kasallikdan vafot etdi — UNICEF'ning rasmi

2023 yilning yanvar oyida Afg`onistonda yuzlab bolalar anomal sovuq va turli kasalliklar tufayli vafot etdi. Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bolalar jamg`armasi (UNICEF) Twitter sahifasida taqdim etdi.

“Afg`onistondagi qahraton qish aholining eng himoyasiz qatlamlariga zarar etkazishda davom etmoqda. Yanvar oyida sovuq havo va kasalliklar tufayli yuzlab bolalar vafot etdi. UNICEF go`daklari uchun motam tutayotganlarga samimiy hamdardlik bildiradi, ularning ruhi orom olsin”, — deyiladi jamg`armaning Afg`onistondagi vakolatxonasi bayonotida.

Afg`oniston muvaqqat hukumatining Tabiiy ofatlarni boshqarish bo`yicha vazirligi matbuot kotibi mulla Abdulla Muhammadiy ham sovuq, suv toshqini va yong`inlar oqibatida halok bo`lgan aholi soni haqidagi ma`lumotlarni keltirdi.

“Hozirgi kunga qadar mamlakatning 24 viloyatida 180 dan ortiq odam halok bo`ldi, 30 dan ortiq kishi jarohatlandi, 150 dan ortiq uy to`liq yoki qisman vayron bo`ldi, 83 ming bosh chorva mollari nobud bo`ldi”, — deydi Muhammadiy.

Afg`onistonlik ijtimoiy ekspert Ahmad Fayiqning aytishicha, sovuq mavsumda o`lim holatlarining oldini olish uchun mamlakat hukumati zaif hududlarni yoqilg`i, bepul dori-darmon va tibbiy yordam bilan ta`minlashi kerak.

Avvalroq xalqaro yordam tashkilotlari, jumladan, UNICEF 2022 yil oxirida “Tolibon”ning Afg`onistonda turli gumanitar loyihalarni amalga oshiruvchi xorijiy nohukumat tashkilotlarida ayollarning ishlashini taqiqlash haqidagi qarorini tanqid qilib, uni bekor qilishga chaqirgandi. Nodavlat notijorat tashkilotlarida ayollarning ishlashini cheklash aksariyat tashkilotlarning Afg`onistondagi loyihalarini qisqartirishiga olib kelgan, chunki ular o`z faoliyatini ayol xodimlarsiz davom ettira olmagan.

    Boshqa yangiliklar