AsosiyJamiyat

Prezident Baxtiyor Sayfullaev vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi

'Prezident Baxtiyor Sayfullaev vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev taniqli madaniyat arbobi, Oliy Majlis Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo`mitasi raisi Baxtiyor Sayfullaev vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi.
 

O`zbekiston madaniyati va san`ati og`ir judolikka uchradi. Taniqli madaniyat arbobi, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo`mitasi raisi Baxtiyor Sayfullaev 2023 yil 14 fevral kuni 72 yoshida vafot etdi.

B.Sayfullaev 1951 yil 1 aprelda Toshkent shahrida tug`ildi. O`rta maktabni tugatganidan so`ng Toshkent davlat teatr va rassomlik san`ati instituti (hozirgi O`zbekiston davlat san`at va madaniyat instituti)ni drama teatri va kino aktyori mutaxassisligi bo`yicha tamomladi. Mehnat faoliyatini 1972 yilda Respublika yosh tomoshabinlar teatri aktyori hamda rejissyori sifatida boshladi. Keyinchalik Toshkent madaniyat instituti katta o`qituvchisi, fakultet dekani o`rinbosari, fakultet dekani vazifalarida mehnat qildi. Nomzodlik ishini himoya qilgach, Toshkent davlat madaniyat institutida pedagogik faoliyatini davom ettirdi.

O`z faoliyati mobaynida B.Sayfullaev respublika miqyosida ommaviy madaniy tadbirlarni tashkil etish bo`yicha mohir rejissyor sifatida tanildi. 2005-2020 yillarda madaniyat vazirining birinchi o`rinbosari, madaniyat vaziri kabi mas`ul lavozimlarda samarali faoliyat yuritib, mustaqilligimizning ma`naviy asoslarini mustahkamlash, sohadagi keng ko`lamli islohotlarni amalga oshirish, milliy madaniyat va san`atimiz rivojini yangi bosqichga ko`tarishda jonbozlik ko`rsatib mehnat qildi.

Professor B.Sayfullaev 2012-2020 yillarda O`zbekiston davlat san`at va madaniyat instituti hamda O`zbekiston davlat konservatoriyasi rektori vazifalarida xizmat qilib, mamlakatimizda yuqori malakali kadrlar tayyorlash, yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashga munosib hissa qo`shdi.

B.Sayfullaev 2020 yildan boshlab O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo`mitasi raisi lavozimida ishlab, mamlakatimizda madaniyat va yoshlar siyosatini amalga oshirish, jismoniy tarbiya va sport sohasini rivojlantirish, ushbu yo`nalishlarga oid huquqiy bazani mustahkamlashda o`zining boy bilim va tajribasini namoyon etdi.

B.Sayfullaevning o`zbek madaniyati va san`atini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U “O`zbekiston Respublikasida xizmat ko`rsatgan madaniyat xodimi” faxriy unvoni, “Mehnat shuhrati” ordeni hamda “Qoraqalpog`iston Respublikasi san`at arbobi” unvoni bilan mukofotlangan edi.

Taniqli madaniyat arbobi, yoshlarning mehribon ustozi, kamtarin va samimiy inson B.Sayfullaevning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.

Sh.Mirziyoev, T.Norboeva, N.Ismoilov,

A.Aripov, O.Nazarbekov, M.Yo`lchieva

    Boshqa yangiliklar