Turkiyadagi zilziladan zarar ko`rganlar va vafot etganlar soni kundan kunga oshib bormoqda 14 fevralga qadar qurbonlari soni 35 418 nafarga etgan, 105 505 kishi esa jarohatlangan. Ming afsuski, bu yakuniy ko`rsatgichlar emas. Va hali ham vayronalar ostida ko`plab insonlar qidirilmoqda, topilmoqda. Ayni paytda Turkiyaga davlatlar va butun dunyodan ko`ngillilar yordam qo`lini cho`zmoqda.
Yo`qolgan bolalar
“Ayni kunda vayronalar ostidan olib chiqilgan bolalar kasalxonalarga yo`naltirilib, salomatligi tekshirilgach, Turkiya Sog`liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda yo`lga qo`yilgan xizmat doirasida vazirligimiz xodimlari tomonidan g`amxo`rlik qilinmoqda. Bolalar qo`shnisi, yaqini yoki qarindoshiman deganlarga berib yuborilayotgan ekan degan gaplar yolg`on. Barchasi, hujjatli ravishda tekshirilgandan keyingina, bolalarga hech qanday xavf yo`qligiga amin bo`lgach oilalarga beriladi” deydi Turkiya oila va sosial xizmatlar vaziri Daryo Yanik.
Maoshidan kechgan deputatlar
Jumhuriyat xalq partiyasi (CHP) rahbari Qilichdoro`g`li partiyaning barcha deputatlari fevral oyi maoshlarini bir ovozdan zilziladan zarar ko`rganlarga berishlarini aytishdi.
Najot bo`lgan ijtimoiy tarmoq
Zilzilaning ilk kunlarida vayronalar ostida qolganlar o`zlari va binoning manzili haqida ma`lumotlar berish uchun ijtimoiy tarmoqlarni qo`llashgan. Favqulodda hodisalar va ofat vazirligi (AFAD) ijtimoiy tarmoqlardagi bu chaqiriqlarga asoslanib vayrona ostida qolganlarni chiqarishga harakat qilishmoqda. Ammo afsus, kun o`tgan sari bu yordam so`rovchilarning ovozi yanada sekin eshitilmoqda.
Oqsoqlangan transport tizimi
Ayrimlar yordam puli ajratsa boshqalar o`nlab yuk mashinalarida oziq ovqat va kiyim kechak jo`natish uchun safarbar bo`lgan. Ammo boshqa shahar va hatto mamlakatlardan kelgan oziq-ovqat va kiyim kechaklarni zilzila bo`lgan hududlarga etqazib berish ancha qiyinlashgan. Transport va aviatizim tamoman bepul deb e`lon qilingan bo`lsada, yo`llar va aeroportlar zarar ko`rgani bois hududga kirish mushkulligicha qolmoqda.
Madina Zarif
14.02.2023 23:50
Turkiya zilzilasi: bolalar taqdiri, maoshidan kechgan deputatlar, najot bo`lgan ijtimoiy tarmoq va...






