Toshkent viloyatining Zangiota tumanidagi harbiy qismda muddatli harbiy xizmatni o`tayotgan 20 yoshli askar vafot etgani bo`yicha tekshiruv harakatlari o`tkazgan Toshkent harbiy prokuraturasi harbiy qismda sutkalik naryad va qurol-yarog`ni topshirish-qabul qilishda kamchiliklarga yo`l qo`yilganini aniqlagan. Bu haqda Bosh prokuraturaga tayanib «Kun.uz» xabar berdi.
Aniqlanishicha, 2023 yil 11 yanvar kuni soat 10:00 da oddiy askar Mirjalol Imomov harbiy qism nazorat o`tish punktida sutkalik naryadini o`tayotgan vaqtida dam olish xonasiga kirib, qurol saqlash javonida turgan, boshqa bir navbatchi serjantga biriktirilgan AK-74 rusumli avtomatni olgan hamda quroldan o`zining jag` qismidan otib, joniga qasd qilgan.
Holat yuzasidan o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida to`plangan hujjatlar va ekspertizalar xulosalariga ko`ra, askarning o`limida biror-bir shaxsning harakatida jinoyat alomatlari aniqlanmagan.
Shuningdek, Bosh prokuraturaning ma`lum qilishicha, harbiy qismda sutkalik naryad va qurol-yarog`ni topshirish-qabul qilishda yo`l qo`yilgan kamchiliklar yuzasidan Toshkent harbiy okrugi qo`shinlari qo`mondoni nomiga taqdimnoma kiritilgan. Qabul qilingan qaror qonuniyligi harbiy prokuror tomonidan nazorat tartibida o`rganilmoqda.






