Ijtimoiy tarmoqlar orqali farg`onaliklar sifatsiz qurilayotgan qo`p qavatli uyda viloyat hokimi va qurilish boshqarmasi boshlig`i yashashini talab qilishdi.
Qurilish va uy-joy kommunal xo`jaligi vazirligi me`yoriy talablari qo`pol ravishda buzilgan obektda qurilish-montaj ishlari to`xtatilgani haqida bayonot berdi.
Viloyati qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi Farg`ona shahar Registon ko`chasida joylashgan ushbu turar-joy binosi bo`yicha ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqalgan holat yuzasidan quyidagilarni ma`lum qiladi:
Buyurtmachi H.Latipov tomonidan qurilayotgan Farg`ona shahar Registon ko`chasidagi bo`sh er maydonida to`rt qavatli turar-joy binosi, avtoturargoh, bolalar maydonchasi qurish hamda tutash hududni obodonlashtirish va ko`kalamzorlashtirish obekti inspeksiyadan 2018-yil 3 dekabr kuni ro`yxatdan o`tgan va qurilish ishlari boshlangan, obektda inspeksiya tomonidan doimiy nazorat ishlari olib borilgan.
Turar-joy binosining loyiha hujjatlarida to`rt qavat qurish belgilangan ushbu uy amalda etti qavat qilib qurilgan. Ushbu obektning beshinchi, oltinchi, ettinchi qavatlarini qurish uchun pastki qavatlarni yuk ko`tarish qobiliyatini o`rganish bo`yicha “INSPECTION WORK” MChJ (bino inshootlarni texnik xolatini tekshirish bo`yicha lisenziya raqami AL-002105) tomonidan tayyorlangan texnik xulosaga asosan yuqori qavatlarni engil qurilish materiallaridan bajarishga tavsiya etilgan.
Lekin buyurtmachi H.Latipov va pudratchi “Ikat Vodiy” MChJ tomonidan ushbu xulosaga asosan loyiha hujjatlari qayta to`liq ishlab chiqilmagan, belgilangan tartibda ekspertizadan o`tkazilmagan hamda inspeksiyaga xabarnoma yuborib ro`yxatdan o`tmasdan qurilish ishlari amalga oshirilgan.
Holat yuzasidan viloyat qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi tomonidan obekt qurilishini to`xtatish to`g`risida 2022 yil 12 dekabrda yozma ko`rsatma berilgan. Shuningdek, aniqlangan qonun buzilish holati yuzasidan 2022 yil 26 dekabr kuni ma`muriy huquqbuzarlik to`g`risida MJtK 99-modda 7-qismi bilan bayonnoma rasmiylashtirilib, ma`muriy sudga yuborilgan.






