AsosiyJamiyat

"IIB binosidan chiqqan". Buxoroda vafot etgan fuqaro bo`yicha prokuratura ma`lumoti IIVnikidan farq qildi

'"IIB binosidan chiqqan". Buxoroda vafot etgan fuqaro bo`yicha prokuratura ma`lumoti IIVnikidan farq qildi'ning rasmi

Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro viloyati Vobkent tumanida 1985 yilda tug`ilgan fuqaro H.Q.ning IIB binosida vafot etgani haqida xabarlar tarqalmoqda. Sal avval IIV matbuot kotibi va Buxoro viloyati IIB matbuot xizmati fuqaro IIB binosiga kirmasdan, qaytib ketgan va taksida mazasi qochganini ma`lum qilgandi. Ayni paytda Buxoro viloyati prokuraturasi ham holat bo`yicha ma`lumot taqdim etdi. 

Qayd etilishicha, 25 noyabr kunidan 26 noyabr kuniga o`tar kechasi fuqaro Q.X. sheriklari bilan boshqa fuqaroga tegishli bo`lgan issiqxonaga g`ayriqonuniy ravishda kirib, “BK” rusumli kondisionerni, radiatorlarini o`g`irlayotgan vaqtlarida IIB xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.  

26 noyabr kuni Buxoro shahar IIO FMB 4-son IIB xodimlari tomonidan Q.X.ga videotasvirga tushirgan holda himoyaga bo`lgan huquqlari tushuntirilgan va undan holat bo`yicha tushuntirish xati olinib, uyiga yuborilgan.  Tekshirish yakuniga ko`ra, Q.X. va uning sheriklariga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi “v,g” bandlari bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.  

Aniqlanishicha, 28 noyabr kuni soat tahminan 15.00 larda fuqaro Q.X. Buxoro shahar IIO FMB 4-son IIBdan chiqib, taksiga o`tirgan va “Fayziobod” jom`e masjidiga olib borishni buyurgan.  

Taksi haydovchisi bergan ko`rsatmasiga ko`ra, “Fayziobod” jom`e masjidi oldiga etib borgach, yo`lovchi xushsiz holatda bo`lganligini ko`rib, uni darhol shifoxonaga olib borganligini bildirgan.  

Shifokorlar tomonidan ko`rsatilgan zarur tibbiy muolajalarga qaramasdan Q.X. shifoxonada vafot etgan. Marhumning murdasi sud-tibbiyot ekspertizasi mutaxassislari tomonidan ko`zdan kechirilganda, uning badanida biror-bir tan jarohati izlari aniqlanmagan.  

Sudga oid tibbiyot ekspertizasining dastlabki xulosasiga ko`ra, marhum “Tutqanoq” kasalligi oqibatida vafot etganligi ma`lum qilingan.  

Holat yuzasidan Buxoro shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

    Boshqa yangiliklar