Bugun Samarqand shahrida sambo bo`yicha yoshlar o`rtasidagi O`zbekiston chempionati bahslariga start berildi.
Musobaqada respublikamizning turli hududlaridan 260 nafarga yaqin yosh sambochi sovrinli o`rinlar uchun kurash olib borishmoqda. Bahslar o`g`il bolalar va qizlar o`rtasida 14ta (o`g`il bolalar 7ta, qizlar 7ta) vazn toifasida tashkil etilgan.
18 martga qadar davom etadigan bellashuvlarda murabbiylar terma jamoamiz uchun munosib nomzodlarni sinovdan o`tkazish imkoniyatiga ega bo`lishadi.
Yoshlar o`rtasida mamlakat chempionati o`tkazilishi munosabati bilan, O`zbekiston sambo assosiasiyasi raisi Alisher Alimov boshchiligidagi ishchi guruh Samarqand shahrida bo`lib turibdi.
Bugun assosiasiya mutasaddilari musobaqa o`tkazilayotgan yakkakurashlar bo`yicha Respublika Oliy sport mahorati maktabi Samarqand viloyati bo`limida bo`lishdi. Rahbariyat tomonidan tashkiliy masalalar bo`yicha zarur topshiriqlar va vazifalar belgilab berildi.
O`sha joyning o`zida sambo to`garagi sportchilari bilan uchrashuv ham tashkil etildi. U erdagi sharoitlar ko`zdan kechirildi. Alisher Alimov yosh sportchilar bilan uchrashib, ularning faoliyati bilan qiziqdi, kerakli tavsiyalarini berdi.






