AsosiyJamiyat

"Yopiq" shaxslardan birining ochilishi... Yoxud “uchinchi front” oliy rejasini barbod qilgan o`zbek razvedkachisi haqida...

'"Yopiq" shaxslardan birining ochilishi... Yoxud “uchinchi front” oliy rejasini barbod qilgan o`zbek razvedkachisi haqida...'ning rasmi

Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash mavzusi hech bir davrda o`z dolzarbligi va ahamiyatini yo`qotmaydigan masaladir. Unga davlatning muhim, dolzarb ijtimoiy masalasi deb qaraladi.

29 yanvar kuni “Yangi O`zbekistonning 2022-2026 yillarga mo`ljallangan taraqqiyot strategiyasi” qabul etilgani to`g`risida xabar tarqaldi. Hujjatning 70-maqsadi “Yoshlarga oid davlat siyosatini takomillashtirish” etib belgilangan. Xususan, bunda “Yoshlarni vatanparvarlik, fuqarolik tuyg`usi, bag`rikenglik, qonunlar, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida, zararli ta`sirlar va oqimlarga qarshi tura oladigan, hayotga bo`lgan qat`iy ishonch va qarashlarga ega shaxs sifatida tarbiyalash” mas`uliyati yuklatilgan. Demak, davlat rahbari takroran bundan buyon ham yoshlarning harbiy bilim, ko`nikma va malakalarini oshirishda targ`ibot-tashviqot ishlarini olib borishni jadal davom ettirilishini urg`ulamoqda.

Vatanparvarlar qanday tarbiyalanadi?

Harbiy vatanparvarlik tarbiyasi umumiy tarbiyaning tarkibiy qismi bo`lib, yoshlarda Vatanni sevish, uni fidokorona himoya qilishga tayyorgarlik va bunga qodirlikni shakllantirishga yo`naltirilgan. Uning ma`naviy-ma`rifiy va nazariy asosi Vatanni himoya qilish to`g`risidagi zamonaviy tegishli ilm-fan sohalarining xulosalari, xalqimizning Vatan va uni himoya qilish haqidagi tarixiy va zamonaviy amaliy tajribasi, ilmiy merosi hamda mazkur masala bilan bog`liq umuminsoniy qadriyatlar va zamonaviy talablar hisoblanadi.

Yoshlarni turli yot g`oya va tahdidlardan asrash, o`z mustaqil fikriga ega, irodali, fidoyi va vatanparvar insonlar etib tarbiyalash eng asosiy maqsadlardan biriga aylanmog`i lozim. O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev ta`kidlaganidek, “Tarbiya va ta`limni bir-biridan alohida ajratib bo`lmaydi, bu ikki jarayon o`zaro uyg`un, uzluksiz asosda tashkil etilgandagina odobli, yuksak ma`naviyatli, shu bilan birga, bilimdon, zukko, ruhan va jismonan sog`lom, keng dunyoqarash, tafakkur va zamonaviy kasb-hunar egasi bo`lgan vatanparvar yoshlarni etishtirib beradi”

Bugungi kunda mamlakatimizda Yangi O`zbekistonni barpo etishdek ulug` maqsadga erishish yo`lida asosiy tayanchimiz bo`lgan azm-u shijoatli yoshlarga e`tibor va g`amxo`rlik ko`rsatish, ularga barcha sohalarda o`z iqtidori va salohiyatini to`liq namoyon etishi uchun zarur sharoit va imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Yangi O`zbekistonning Uchinchi Renessans poydevorini yaratish barcha vatandosh­larimizning ezgu orzu umidlaridan biriga aylanmog`i kerak. Darhaqiqat, “Yangi O`zbekiston – barchamizning ezgu orzumiz, mehnatkash, tinchliksevar xalqimizning orzusi. Unda xalqimizning azaliy umid-niyatlari, yuksalish sari intilishlari o`ziga xos tarzda aks etmoqda. Uzoq o`tmishdan hozirgi davrgacha milliy tafakkurimiz negizida shakllanib kelgan, turli g`oya va amaliy harakatlarda o`z ifodasini topgan el-yurtimizning orzu-umidlari bugungi kunda Yangi O`zbekiston tushunchasiga jamuljam bo`ldi. Barchamiz jipslashib, tinimsiz o`qib-o`rgansak, ishimizni mukammal va unumli bajarsak, zamonaviy bilimlarni egallab, o`zimizni ayamasdan mehnat qilsak, albatta, hayotimiz va jamiyatimiz o`zgaradi”, — deydi davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev.

Jamiyatdagi barqarorlikni mus­tahkamlash va davlatning xavfsizligini ta`minlash barcha zamonaviy davlatlar qatori O`zbekiston uchun ham hayotiy zaruratdir. Shularni nazarda tutib, O`zbekiston Respub­likasi mustaqil davlat va xalqaro munosabatlarning sub`ekti sifatida o`zining mudofaa siyosatini barcha mamlakatlarning tinch-totuv yashashi, boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik, ularning mustaqilligini, shuningdek, davlatlararo tarkib topgan chegaralarning buzilmasligi va o`zgarmasligini hurmat qilish prinsip­lariga asoslaydi.

Ko`tarilgan taqiq pardasi...

Men Afg`onistonda diplomat bo`lib xizmat qilib yurgan paytimda elchixonamizning yoshi ulug` xodimlari orasida Ikkinchi jahon urushi yillari aynan bu o`lkada bir vatandoshimiz vatanparvarlik va mardlik namunasini ko`rsatgani to`g`risida suhbat ochiladi. Zamona zayliga ko`ra, uning ism-familiyasi aytilmaydi, qanday fidokorlik ko`rsatgani uzuq-yuluq hikoyalar bilan chegaralanadi. 

Mustaqillik yillari ilgari oshkora gapirish mumkin bo`lmagan mavzularning taqiq pardasi ko`tarila boshlaydi. Ana shunday “yopiq” shaxs­lardan biri Bahrom Ibrohimov haqida ma`lumotlar e`lon qilish boshlanadi. O`zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati faxriylari birinchi o`zbek razvedkachisi haqida ommaviy axborot vositalarida maqolalar yozadilar.

Asli Jizzax viloyati Baxmalining Oyqorli qishlog`idan bo`lgan Bahrom o`rta maktabni bitirib, Samarqand institutida oliy ta`lim oladi. O`sha kezlari Fitrat, Cho`lpon, Munavvar Abdurashidov singari ma`rifatparvarlar bilan tanishadi, ular bilan hamkorlik qiladi. She`rlar yozadi, ijodidan namunalar gazeta va jurnallarda bosiladi.

Harbiy xizmatga moyilligi tufayli qo`shni mamlakatda malakasini oshirib qaytgach, 24 yoshli Bahrom Eron davlatiga xizmatga yuboriladi. Chet elda sovet hukumatining ta`qibidan qochgan “Mahmud Oyqorli” va “Yazuchi” singari to`qima nomlar hamda tarjimai hollar bilan ishga kirishadi. 

1932 yilda Mashhadda u Turkiston muxtoriyati xalq majlisi deputati bo`lgan muftiy Sadriddinxon Maxsum Sharifxo`jaev va Buyuk Britaniyaning Markaziy razvedka xizmati rezidenti Xamber Lyanselo Georg bilan munosabatlar o`rnatadi. Bir yillardan so`ng chet el rezidentining bevosita yordami bilan “Oyqorli” va muftiy Afg`onis­tonga ko`chib o`tadilar. 

O`zbek razvedkachisi Qobulda Tur­kiyaning Afg`onistondagi elchisi Esendal bilan hamkorlikka kirishadi, Germaniya va Yaponiya elchixonalari xodimlari bilan ishonchli aloqalar o`rnatishga muvaffaq bo`ladi.

Nemis, fors, yapon va arab tillarida bemalol gaplasha olgan. Bekorga “til bilgan dunyo tanir”, deyilmagan. Shuncha til bilishi unga razvedka ishida ancha qo`l keladi. 

Aynan nemis tilida erkin muloqot qila olgani uchun ham “Oyqorli” Abverning Afg`onistondagi rezidenti Rasmus va nemis razvedkachisi, mayor Shenklarning hurmatini qozonadi, ular bilan “do`stona” aloqa o`rnatishga muvaffaq bo`ladi. Bora-bora fashistlarning rejalari to`g`risida xabardor bo`lib turadi.

“Uchinchi front” oliy rejasini barbod qilgan o`zbek razvedkachisi

Gitler Germaniyasi Ikkinchi jahon urushida tub burilish yasashni xomxayol qilib, O`rta Osiyo hududidan Sovet Ittifoqiga bostirib kirishni mo`ljallaydi. Shunga yarasha qurol-yarog`, mab­lag`larni to`plash ishlari boshlanadi va Afg`oniston hududidan O`zbekiston va Turkmaniston chegaralarini kesib o`tish rejasi ishlab chiqiladi. “Uchinchi front”, deb nomlangan oliy reja o`zbek razvedkachisining sa`y-harakati bilan barbod bo`ladi.     

Yuqorida qayd etilganidek, “Oyqorli” chet davlatlarning vakillari bilan yaqin munosabatda bo`lgan. Moskva mulozimlari 1941 yil 22 iyunda nemis fashistlarining Sovet Ittifoqiga bostirib kirishi xabarini oladi. Tarix kitoblarida bu ma`lumotni Yaponiyada faoliyat yuritayotgan sovet razvedkasi Rixard Zorge etkazgani e`tirof etiladi. Bahrom Ibrohimov ham Markazga shunga yaqin xabarni yuboradi... 

“Oyqorli”ning nemis ayg`oqchilaridan olgan ma`lumotlari bizning rezidenturaning diqqatidan qochmasdi. Ayniqsa, afg`on-sovet chegarasidan O`rta Osiyo respublikalariga yuborilayotgan josuslar va qo`poruvchilar to`g`risida ma`lumot juda muhim hisoblanardi. Mamlakatda esa ular tezkor harakatlar bilan qo`lga olinib, qamoqqa tashlanar edi.

Shu o`rinda arxiv hujjatlaridan olingan bir misol keltiraman. 1942 yilning 13 oktyabr kuni Termiz shahridan 50 kilometr Sharqda joylashgan chegara yo`lagidan 8-10 ming nafar qilich va Angliyaning vintovkalari bilan qurollangan muhojirlar qo`shini Amudaryodan kechib o`tishi to`g`risida Markazga xabar beriladi.

100 ga yaqin jinoyatchi asirga olindi, ular orasida...

Yoki boshqa misol. Afg`onistondagi vaziyat diplomatik choralar ko`rishni taqozo qilar edi. Bahrom Ibrohimovdan olinayotgan ma`lumotlar shu darajada dolzarb ediki, Sovet hukumatining topshirig`iga binoan elchi K.A.Mixaylov podshoh Muhammad Zo­hirshoh bilan uchrashadi. Bu uchrashuv natijasida, 1942 yilning 13 oktyabr kuni Karl Rasmus Afg`oniston Tashqi ishlar vazirligiga chaqirtirilib, unga fashistlar Germaniyasining maxsus xizmatlari Afg`oniston hududida qo`poruvchilik faoliyati olib borayotgani to`g`risida nota taqdim qilinadi.

Keyingi yilning mart oyida Afg`oniston xavfsizlik idoralari maxsus amaliyot o`tkazib, 100 ga yaqin jinoyatchini asirga oladi. Ular orasida “turkistonlik muhojirlarning ko`zga ko`­rin­gan taniqli vakili”, Germaniya­ning Qobuldagi missiyasi bilan aloqada bo`lib turgan Mahmud “Oyqorli” – Bah­rom Ibrohimovning o`zi ham bor edi.

U besh yildan keyin ozod etiladi. Jami 20 yildan oshiq chet ellarda razvedka xizmatining mas`uliyatli vazifalarini bajarib, 1955 yilda jonajon vataniga qaytib keladi. Jangovor Qizil Bayroq ordeni bilan taqdirlanadi.

Vatanga Qaytgach...

Bahrom Ibrohimov Vatanga qaytgach, sevgan kasbi – jurnalistika sohasida ishlaydi. “O`zbekistoni surx” gazeta­si­da madaniyat va Davlat siyosiy nash­riyotida sharq bo`limlarini bosh­qa­radi. “Intilish”, “Mirzoda ishqi” kitoblarini chop ettiradi. “Yo`qsil” taxallusi bilan she`rlar bitadi. To`rtta chet tilini bilmasmidi, xorijiy til­lardan tarjimalar qiladi. Jami 50 dan oshiq kitoblarni o`zbek tiliga o`girdi. 

1963-1975 yillarda Fanlar Akademiyasining Sharqshunoslik institutida ilmiy ish bilan mashg`ul bo`ldi.

Kasbga Hurmat-ehtirom hissi...

Prezident Shavkat Mirziyoev ta`kidlaganidek, “Bugungi kunda bizning harbiylarimiz o`zlarining professional tayyorgarlik darajasi bo`yicha jahondagi etakchi mamlakatlar armiyalarining harbiy xizmatchilaridan aslo qolishmasligini so`zda emas, amalda isbotlamoqda. Xalqaro harbiy o`quv musobaqalarida, armiyalar o`rtasidagi va sport bellashuvlarida O`zbekiston vakillari o`zlarining mahorati, ruhan baquvvatligi, g`alabaga bo`lgan irodasini namoyon etmoqda, buyuk ajdodlarimizning munosib vorislari ekanliklarini yaqqol ko`rsatmoqda. Hech shubhasiz, bularning barchasi butun O`zbekiston xalqida, ayniqsa, yoshlarimizda milliy armiya­miz bilan faxrlanish tuyg`usini, Vatan himoyachisidek sharafli kasbga hurmat-ehtirom hissini uyg`otmoqda”.

Yangi O`zbekiston shakllanayotgan bir davrda ajab emaski, harbiy darsliklar bilan bir qatorda o`rta maktablarimizda Vatanni sevish, Vatanga sadoqat bilan xizmat qilish namunasi sifatida Bahrom Ibrohimovning ham nomi zikr etilsa, uning xizmatlari ibrat sifatida o`qitilsa, badiiy filmlar yaratilsa... 

Shoislom AKMALOV, tadqiqotchi

    Boshqa yangiliklar