Notarial harakatlar rasmiylashtirilganda undiriladigan davlat bojini optimallashtirish bo`yicha Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan qonun loyihasi birinchi o`qishida deputatlar tomonidan ma`qullandi. Bu haqda Adliya vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi ma`lum qildi.
Loyihada notariuslar tomonidan notarial harakatlar rasmiylashtirilganligi uchun undiriladigan davlat bojini shaffoflikni ta`minlash maqsadida:
ko`chmas mol-mulkni boshqa shaxsga o`tkazish bilan bog`liq shartnomalarni tasdiqlash;
mol-mulkni ijaraga berish shartnomasini tasdiqlash;
mol-mulkdan tekin foydalanish shartnomalarini tasdiqlash;
avtomototransport vositalarini boshqa shaxsga o`tkazish shartnomalarini tasdiqlash;
garov, ipoteka va lizing shartnomalarini tasdiqlash;
qarz shartnomalarini tasdiqlash;
avtomototransport ishonchnomalarini va avtomototransportdan tekin foydalanish shartnomalarini hamda qarz shartnomasidan kelib chiqib chiqadigan pul summasini undirish bo`yicha ijro xatlarini yozib berishda undiriladigan davlat boji optimallashtirilmoqda. Ya`ni, ilgari differensial tarzda hisoblanadigan davlat boji qat`iy stavkalarda belgilanishi taklif etilmoqda.
Misol uchun: bugungi kunda 3 yillik “COBALT” avtomobilining oldi-sotdi shartnomasini notarial tasdiqlatish uchun davlat boji 1 mln 650 ming so`m hisoblansa, 7 yillik transport bo`yicha 1 mln 80 ming so`m davlat boji undiriladi.
Vazirlik tomonidan ilgari surilgan takliflar amalga oshirilsa, barcha turdagi avtomobillarning oldi-sotdisida davlat boji 810 ming so`mni tashkil qiladi.
Qonun loyihasining qabul qilinishi natijasida davlat boji summasi optimallashib, uni hisoblashda shaffoflikka erishiladi hamda xar yili 290 mlrd so`mga yaqin mablag`lar aholi ixtiyorida qoladi.






