Internet ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videotasvir yuzasidan Qashqadaryo viloyati IIB Axborot xizmati rasmiy munosabat bildirdi:
8 mart kuni Koson tuman IIB xodimlari tomonidan tumanning “Paxtazor” MFYda yashovchi fuqaro B.S.ning xonadonidagi xo`jalik xonalari ko`zdan kechirilganida bir bosh eshakni so`yib, go`shtini suyaklaridan ajratib qo`yganligi, hovlisida esa yana 24 bosh eshak borligi aniqlandi.
Fuqaro B.S.ning yashash xonadonidagi xo`jalik xonasida bo`lgan 1 bosh eshakning lahm go`shtlari tegishli tartibda viloyat IIB JTSB Karantin tadbirlarini ta`minlash bo`linmasi, tuman Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi xodimlari xolislar ishtirokida hujjatlashtirib olingan.
Koson tuman Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo`limi tomonidan ashyoviy dalil sifatida olingan go`sht mahsulotlari laboratoriyada tekshirilganda iste`molga yaroqsiz ekanligi ma`lum bo`ldi. Go`sht mahsulotlari xolislar ishtirokida yo`q qilindi.
Mazkur holat yuzasidan Koson tuman IIB tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.






