O`zbekistonda 2022 yilning 1 yanvar holatida ishsizlik darajasi 9,6 foizni tashkil etib, o`tgan yilning shu davriga nisbatan 0,9 foizga kamaygan bo`lsa, 2021 yilning yanvar-sentyabr oylariga nisbatan 0,2 foizga ortgan. Bu haqda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi ma`lumot bermoqda.
2021 yilning dekabr oyida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Mehnat bozori tadqiqotlari tomonidan respublikamizning 108 ta shahar va tumanlarida navbatdagi ijtimoiy so`rov o`tkazilgan. Tadqiqot davomida 500 ta o`zini-o`zi boshqarish organlari, 5,0 mingta uy xo`jaliklari hamda 26,5 ming nafar fuqarolar qamrab olindi.
2022 yilning 1 yanvar holatida mehnat resurslari soni 19 345,0 ming kishini tashkil etib, 2020 yilning shu davriga nisbatan 101,1 foizga yoki 202,6 ming kishiga oshgan. Iqtisodiyot tarmoqlarida band bo`lganlar soni 13 538,9 ming kishini tashkil etib, o`tgan yilning mos davriga nisbatan 2,3 foizga (299,3 ming kishiga) oshgan.
2022 yilning 1 yanvar holatida rasmiy sektorda band aholi soni 6 196,3 ming kishini tashkil qilib, 2020 yilning shu davriga nisbatan yuridik shaxslarda band bo`lganlar soni 6,3 foizga yoki 314,8 ming kishiga oshgani kuzatildi.
Norasmiy sektorda band bo`lganlar soni 5 885,5 ming kishini tashkil etib, 2021 yilning 1 oktyabr holatiga nisbatan 1,0 foiz yoki 58,4 ming kishiga kamaygan. O`tkazilgan tadqiqot natijalariga ko`ra ishga muhtoj bo`lganlarning umumiy soni 1 441,8 ming kishini, ishsizlik darajasi iqtisodiy faol aholi orasida 9,6 foizni tashkil etdi. 16-30 yoshgacha bo`lganlar orasida ishsizlik darajasi - 15,1 foiz, ayollar orasida ishsizlik darajasi esa - 13,3 foiz bo`ldi.
2022 yilning 1 yanvar holatida respublikamizda iqtisodiy nofaol aholi 4 364,2 ming kishini tashkil etib, o`tgan yilning mos davriga nisbatan 0,5 foizga yoki 19,8 ming kishiga ortishi kuzatildi.






