Suvga sakrash bo`yicha O`zbekiston terma jamoasi a`zolari birinchi bor tashkil etilgan Evrosiyo kubogi bahslarida muvaffaqiyatli ishtirok etib, sovrindorlar safidan o`rin egallashdi. Bu haqda Milliy Olimpiya qo`mitasi ma`lum qildi.
O`zbekiston suzish federasiyasi matbuot xizmatining ma`lum qilishicha, 4-6 mart kunlari Rossiyaning Saransk shahrida o`tkazilgan mazkur nufuzli musobaqada Vatanimiz sharafini to`rt nafar hamyurtimiz: Botir Hasanov, Marsel Zaynetdinov, Hojiakbar Fuzaylov va Egor Mishenev himoya qilishdi.
Uch kun davomida o`tkazilgan musobaqada Botir Hasanov va Marsel Zaynetdinov dueti 10 metr balandlikdagi tramplindan sakrashda kumush medal sovrindori bo`lishdi.
Terma jamoamizning etakchi sportchilaridan biri Marsel Zaynetdinov o`n metr balandlikdagi tramplindan sakrash bo`yicha yakkalik bahslarida ham ishtirok etib, bronza medali sohibiga aylandi.
Uch metr balandlikdagi tramplindan sinxron sakrash bo`yicha o`tkazilgan musobaqada Hojiakbar Fuzaylov hamda Egor Mishenov juftligi yakunda uchinchi o`rinni band etdi.






