“Yuksalish” umummilliy harakati mutaxassislari Ijtimoiy-iqtisodiy tashabbuslar instituti ekspertlari bilan hamkorlikda davlat tuzilmalari, muassasalari va jamoat tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan 40 nafar ayollarning yillik ro`yxatini yangiladi. O`rganish natijalari mamlakatimizda tuzilmaviy va institusional o`zgarishlar izchil davom etayotganini, gender tenglik sohasidagi qonunchilik takomillashtirilayotganini, ayollarning ijtimoiy-siyosiy hayotdagi o`rni va mavqei ortib borayotganini tasdiqlaydi.
Bu yil ekspertlar reytingga ko`proq faol fuqarolik pozisiyasi, jamiyatda bo`layotgan voqealarga befarq bo`lmagan va tashabbuskorligi tufayli jamiyat va davlatdagi muhim o`zgarishlarga hissa qo`shayotgan nodavlat sektor vakillarini kiritdi.
Bugun iqtisodiyotning turli tarmoqlarida va ijtimoiy sohalarda o`zini namoyon etayotgan qat`iyatli va maqsad sari intiluvchan ayollar yoshlarga namuna bo`lmoqda. Ular mavjud stereotiplarga, eskicha tushunchalarga barham bermoqda, jamiyatda gender tengligini ta`minlashga, ayollar va erkaklar uchun teng imkoniyatlarni ilgari surishga hissa qo`shmoqda.
Reytingni shakllantirishda xotin-qizlarimizning fuqarolik jamiyatidagi o`rni, ular mehnat qilayotgan tashkilotlarning mamlakat siyosiy kun tartibini shakllantirish, tarmoqlarni rivojlantirish va ijtimoiy-iqtisodiy o`zgarishlarni amalga oshirishdagi institusional ta`sir darajasi inobatga olindi.






