AsosiySport

"Buxoro" Usmon Toshev va uning yordamchilariga qancha maosh belgilanganini ma`lum qildi

'"Buxoro" Usmon Toshev va uning yordamchilariga qancha maosh belgilanganini ma`lum qildi'ning rasmi

O`zbekiston Pro-ligasi ishtirokchisi "Buxoro" klubi o`tgan yili may oyida jamoani qabul qilib olgan Usmon Toshevning maoshi va shartnoma imzolashda o`z manfaatlarini himoya qilib chiqqani bo`yicha rasmiy ma`lumot berdi. 

Klub matbuot xizmati bu borada quyidagilarni ma`lum qilib o`tdi

"O`tgan yilning may oyida Usmon Toshev «Buxoro» klubi bosh direktorligida ish boshlagan edi, so`ngra jamoa bosh murabbiyligini qabul qildi. Klub bosh murabbiyiga oylik maosh 85 million so`m qilib belgilanadi. Ha, siz to`g`ri o`qidingiz, sakson besh million so`m! Adashmasak, Superligadagi ba`zi top klublar bosh murabbiylariga ham buncha katta oylik maosh berilmasa kerak. Holbuki, janob Toshevning «Buxoro» futbol klubining katta qarzdorligidan xabari bor edi. Murabbiyning Sports.uz nashriga bergan intervyusida aytgan gapini eslatishni joiz topdik: «Men pulga e`tibor qilmayman». Izohga hojat yo`q, bizningcha.

Klubga birinchi navbatda, Baxtiyor Dadamatov texnik direktor lavozimiga taklif qilinadi va oylik maoshi 17 million so`m qilib belgilanadi hamda besh yillik shartnoma imzolanadi. So`ngra Toshev bilan birga Tojikiston terma jamoasida ishlab kelgan murabbiy Daler Kayosov va darvozabonlar murabbiyi Alisher Tuychiev jamoaga taklif qilinadi. Har ikkala murabbiyga besh yillik shartnoma va 11 200 000 so`m oylik maosh belgilanadi. 

Hozirda ushbu mutaxassislar bilan ro`y berayotgan nizoli vaziyatlar, klub moliyaviy ahvolini yanada nochor ahvolga tushirmoqda. Nahotki, Buxoro futbolini ko`tarmoqchi bo`lgan Usmon Toshev shaxsan o`zi taklif qilgan ushbu mutaxassislar bilan kelishuvga erishishga ko`mak bermasa, klub yana botqoqqa botaveradimi? Har qanday murabbiy kelib ishlamagan oylari uchun ham xohlagan summasini olib ketaveradimi?! 

Dadamatov hamda Kayosovga jami 255 million so`m to`lab berildi. Bu pullar evaziga klub tizimida ishlab kelayotgan ishchi, qorovul, haydovchi va boshqalarning maoshlarini to`lab berish mumkin edi. Tojikistonlik legioner futbolchi Tohir Malado`stov «Buxoro» safida besh uchrashuvda jami 136-daqiqa harakat qilgan. Yakunda unga ham klubga nisbatan e`tiroz bildirmasligi uchun 55 million so`m to`lab berildi. Ular bilan kelishuvga erishish uchun hozirgi rahbariyat o`z cho`ntagidan xarajat qilib, Tojikistonga borib kelishiga to`g`ri keldi. Biroq Alisher Tuychiev mutassadilarning Dushanbe shahriga borishlariga qaramay, muzokora o`tkazishdan bosh tortib uchrashuvga kelmadi. Murabbiy «Buxoro»dan FIFA orqali murojaat qilib, jami 593 million so`m pul talab qilmoqda. Bu summa ichida 2025 yil yakuniga qadar oylik maoshlar hisoblangan. 

Shu joyda savol tug`iladi, o`zi bu murabbiylar bizga kerakmidi?! Yoki Tojikiston futboli bizdan ilgarilab ketib, Evropa futboliga yaqinlashganmi? Biz Superliga yo`llanmasini qo`lga kiritdikmi? Yo`q, yo`q va yana yo`q! Bizga faqat muammo ustiga muammo qo`shildi xolos. Va yana Usmon Toshevning bergan intervyusiga qaytamiz: «Har kim o`zini qilmishiga, har kim o`zini gapirganiga javob beradi».

Turkmanistonlik darvozabon Raxat Japarov bilan bo`lgan masalada bosh direktor Usmon Toshev tomonidan berilgan kafolat xatda, 10 iyulgacha qarzdorlik to`lab berilishi ko`rsatilgan edi. Vaholanki, Toshev klub buxgalteriyasidan va jamoa ta`sischisi «BNQIZ» (Buxoro neftni qayta ishlash zavodi) jamoaga qachon mablag` ajratishidan xabardor edi. Ya`ni futbolchiga vaqtida pul to`lab berilmasligi ehtimoli yuqoriligini Toshev bilar edi. 

Shunday bo`ldi ham, Japarov yil yakuniga qadar oylik maosh va mukofot pullariga hech qanday mashaqqatsiz ega chiqdi. Klub darvozabonga 116 million so`m to`lab berdi. Ba`zi bir futbolchilar bilan bilan 5 yillik shartnomalar antiqa tarzda tuzildi. Unga ko`ra, Usmon Toshev «Buxoro» bosh murabbiyligini tark etsa, ushbu futbolchilar avtomatik tarzda erkin agentga aylanardi. Yakunda iqtidorli futbolchimiz Behruz Shodmonov klubni tark etdi. Ushbu shartnomalar tuzishda klub manfaati umuman o`ylanmagan», - deyiladi «Buxoro» klubi e`lon qilgan maqolada.

Klub o`z bayonotida buxorolik mutaxassis Usmon Toshevning o`z vaqtida «Nasaf» klubidagi faoliyati shubhali bo`lgani uchun tezda ishdan bo`shatilgani, «Andijon»da ishlab yaxshi nom qoldirmagani haqida ham ma`lum qilib, bunday mutaxassisga O`zbekiston futbol assosiasiyasida ishlash qanchalik o`rinli deya savol qo`ygan.

«Qashqadaryo ahli yaxshi eslashadi, bir paytlari Usmon Toshev «Nasaf» klubida ishlab u erda ham shubhali harakatlar qilgani uchun, rahbariyat tomonidan tezda ishdan bo`shatilgan edi. «Andijon» jamoasida ham ishlab, o`zidan yaxshi nom qoldirib ketmadi. Endi bir savol tug`iladi: shuncha ishlarga qaramay unga, yanada mas`uliyatli vazifa, O`zbekiston futbol assosiyasi terma jamoalar bo`limida ishonch bildirish qanchalik o`rinli deb o`ylaysiz?", - deyiladi xabarda. 

    Boshqa yangiliklar