AsosiyJamiyat

Senatda Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi bilan hamkorlik bo`yicha komissiyasi tashkil etildi

'Senatda Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi bilan hamkorlik bo`yicha komissiyasi tashkil etildi'ning rasmi

2022 yil 4 fevral kuni Oliy Majlis Senatining navbatdagi yalpi majlisi doirasida Oliy Majlis Senatining Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi bilan hamkorlik bo`yicha komissiyasini tashkil etish to`g`risidagi masala ko`rib chiqildi.

Majlisda senatorlar O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoevning 2021 yil 16-18 dekabr kunlari Koreya Respublikasiga amalga oshirgan davlat tashrifi mamlakatlar o`rtasidagi munosabatlarda yangi bosqich bo`lganini hamda hamkorlikni strategik sheriklik va ittifoqchilik darajasiga olib chiqqanini ta`kidladi.

Davlatimiz rahbarining tashrifi yakunlariga ko`ra tub burilish yasaydigan keng ko`lamli kelishuvlarga erishilganiga urg`u berildi.

Jumladan, mashinasozlik, qishloq xo`jaligi, to`qimachilik sanoati, farmasevtika, geologiya, IT-texnologiya, “yashil” energetika kabi sohalarda qiymati 5 mlrd dollardan ortiq bo`lgan investisiya va moliyaviy bitimlarning katta paketi imzolandi.

Tashrif chog`ida xalq diplomatiyasining muhim elementi sifatida parlamentlararo aloqalarni yanada mustahkamlashga alohida e`tibor qaratildi.

Davlat tashrifi yakunlari bo`yicha Prezidentning “O`zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi o`rtasidagi alohida strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish chora-tadbirlari to`g`risida” 2021 yil 28 dekabrdagi 67-son qarori qabul qilindi, unda amaliy harakatlarning uchta rejasi (“yo`l xaritalari”) nazarda tutildi.

Muhokamalar doirasida senatorlar oliy darajadagi tashriflar chog`ida erishilgan kelishuvlar ijrosi ustidan tizimli parlament nazoratini o`rnatish, vazirlik va idoralarning bu boradagi sa`y-harakatlarini birlashtirish va yuzaga kelayotgan muammolarni tezkorlik bilan hal etish muhimligini ta`kidladi.

Shu munosabat bilan Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi bilan hamkorlik bo`yicha Senat komissiyasini tuzish tashabbusi taklif etildi.

Qonun ijodkorligi va nazorat faoliyati sohasida tajriba almashish, Janubiy Koreya moliya institutlari tomonidan moliyalashtiriladigan loyihalar samaradorligini o`rganish, Janubiy Koreya bilan amalga oshirish rejalashtirilgan investisiya loyihalari bo`yicha vazirlik va idoralarning takliflarini ko`rib chiqish, shuningdek, mintaqalararo aloqalarni o`rnatish va kengaytirish, ikki tomonlama munosabatlarning rivojlanish dinamikasini tahlil qilish mazkur tuzilmaning asosiy vazifalari bo`lishi kerak.

Senatorlar, shuningdek, ikki tomonlama parlamentlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun maydon yaratilishi mamlakatlar o`rtasidagi kelishuvlar asosida qo`yilgan vazifalar ijrosi yuzasidan davlat va xo`jalik boshqaruvi organlarining hisobotlari va axborotini eshitish imkonini berishini ham ta`kidladi.

Muhokama yakunlari bo`yicha Senat qarori qabul qilindi. Unga ko`ra senatorlar va tegishli vazirlik hamda idoralar, kompaniyalar va fuqarolik jamiyati institutlari rahbarlari kiritilgan Komissiyaning Nizomi hamda shaxsiy tarkibi tasdiqlandi.  

    Boshqa yangiliklar