Ijtimoiy tarmoqlarda “Navoiy viloyat hokimiyati binosi oldida "Qizilqumsement" korxonasi ishchilari tamonidan Norozilik aksiyasi bo`lib o`tmoqda” sarlavhasi ostida videoxabar tarqaldi.
Unda aytilishicha, 29 yanvar kuni Navoiy viloyati hokimligi binosi ro`parasidagi avtoturargohda “Qizilqumsement” AJda mehnat qilayotgan 25-30 chog`li ishchilar to`planib, korxonada so`nggi vaqtlarda oylik maosh, mukofot puli kabi to`lovlardan norozi ekanliklarini bildirishib, viloyat hokimi ushbu masalaning ijobiy echimini ta`minlashga amaliy ko`mak so`rab murojaat qilishdi.
Bu vaqtda Karmana tumanidagi “Navro`z” mahallasi hududini obodonlashtirish ishlari boshida turgan Navoiy viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Normat Tursunov voqea joyiga etib kelgan va aholi murojaatlarini tinglagan.
Natijada, “Qizilqumsement” AJ rahbariyati va boshqa ishchi xodimlari, shuningdek, viloyat sektor rahbarlari ishtirokida har bir muammoni joyida o`rganish bo`yicha, murojaatchilar bilan kelishuvga ko`ra, viloyat rahbari ishchilar bilan birgalikda avtobusda korxonaga bordi.
"Korxonaning 50 nafardan ziyod ishchi-xodimlari qatnashgan uchrashuvda viloyat rahbariga oylik maosh, mukofot puli, kasaba uyushmasi va xotin-qizlar kengashi faoliyati, ish sharoitining zararliligi (vrednost) ustamalari kabi 20 ga yaqin masalalar bo`yicha murojaatlar bo`ldi.
Shuningdek, uchrashuvda korxona ishchi-xodimlari tomonidan qilingan har bir murojaat natijasini viloyat rahbarining shaxsan o`zi nazorat qilishi alohida ta`kidlandi.
Ishchi guruh axborotida ko`rsatilgan kamchilik va masalalarning echimi bo`yicha “Qizilqumsement” AJ ma`muriyati tomonidan amalga oshirilgan ishlar yakuni bo`yicha qo`shimcha ma`lumot beriladi", - deyiladi xabarda.






