Xabaringiz bor, tog` chang`isi bo`yicha O`zbekiston terma jamoasi a`zosi Komiljon To`xtaev 2022-yil 4-20-fevral kunlari Xitoyning Pekin shahrida o`tkaziladigan XXIV qishki Olimpiya o`yinlarida ishtirok etadi. Sportchimiz tog` chang`isining slalom va gigant slalom yo`nalishlaridagi musobaqalarda ishtirok etadi.
Hamyurtimiz qishki Olimpiya o`yinlariga munosib tayyorgarlik ko`rish maqsadida shu yilning 6-yanvarida Italiyaga jo`nab ketgandi. Shu kunlarda K.To`xtaev Italiyaning Bruniko shahri yaqinidagi Manguelfo qishlog`ida italiyalik trener Mattia Ganessi rahbarligida mashg`ulot olib bormoqda.
O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o`rinbosari – turizm va sport vaziri Aziz Abduxakimov kecha sportchimiz bilan onlayn videomuloqot o`tkazdi. Bu haqda Turizm va sport vazirligi Axborot xizmati xabar qilmoqda.
Videomuloqot avvalida vazir sportchimizning salomatligi va bo`lajak musobaqaga tayyorgarlik jarayoni, qolaversa yaratilgan shart-sharoitlar haqida so`radi. Shuningdek, bo`lajak qishki Olimpiya o`yinlarida Komiljon To`xtaevga omad tilagan holda uning ortida avvalo Prezidentimiz, yaqinlari, qolaversa ko`p millionlik yurtdoshlarimiz turganligini ta`kidlab, undan barcha ijobiy natija kutayotganligini aytib o`tdi.
- Prezidentimiz va xalqimiz nomidan sizga bo`lajak musobaqalarda omad tilaymiz. Aslini olganda qishki Olimpiya o`yinlari yo`llanmasini qo`lga kiritganligingiz, unda O`zbekiston sharafini himoya qilishingizning o`zi katta muvaffaqiyat. Shunday bo`lsa-da, Olimpiya o`yinlarida yurtimizga medal taqdim etsangiz, sizni ham yozgi Olimpiya o`yinlari g`oliblari kabi tantanalar bilan kutib olamiz va taqdirlaymiz. Eng muhimi, ushbu nufuzli musobaqada munosib ishtirok etish orqali O`zbekistonda qishki sport turlarini ommalashtirishga munosib hissa qo`shgan bo`lardingiz. Shuning uchun sizga bo`lajak musobaqalarda omad va zafar tilaymiz, – dedi Aziz Abduxakimov videomuloqotda.
O`z navbatida Komiljon To`xtaev ham avvalo muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev, qolaversa Turizm va sport vazirligi, Milliy Olimpiya qo`mitasi, O`zbekiston chang`i sporti federasiyalarining doimiy yordamini his qilayotganligini, yurtimizda so`nggi yillarda qishki sport turlarini yanada ommalashtirish va rivojlantirishga alohida e`tibor qaratilayotganligi, sportchi sifatida bundan mamnun ekanligini e`tirof etdi.
Shuningdek, videomuloqotda vazir Toshkent viloyatining Bo`stonliq tumanida Sportning qishki va ekstremal sport turlariga ixtisoslashgan maktab-internat tashkil etilayotganini aytib o`tdi hamda Komiljon To`xtaevni mazkur ta`lim dargohi faoliyatini yo`lga qo`yishda o`z amaliy takliflari va maslahatlari bilan faol ishtirok etishga chaqirdi.
Videomuloqot yakunida K.To`xtaev Yurtboshimiz va O`zbekiston xalqini quvontirish uchun astoydil harakat qilishga va`da berdi.
O`z o`rnida Turizm va sport vazirligi XXIV qishki Olimpiya o`yinlarida hamyurtimizga omad tilab qoladi.






