AsosiyJamiyat

SSV: Tibbiyotdagi eng ilg`or tajribalar Namangan viloyatida ham tatbiq etiladi

'SSV: Tibbiyotdagi eng ilg`or tajribalar Namangan viloyatida ham tatbiq etiladi'ning rasmi

Taklif va tashabbuslar quyidan chiqishi kerak. Shundagina yangilanishlar kutilgan natijani beradi. Davlatimiz rahbarining tibbiyot xodimlari bilan bo`lib o`tadigan ochiq muloqoti xuddi shu maqsadga qaratilgan.

Hozir Sog`liqni saqlash vazirligi mutasaddilari ushbu tadbirga tayyorgarlik doirasida vodiy viloyatlarida safarda. Ishchi guruh joylardagi davolash muassasalarida bo`lib, yaratilgan sharoitlar hamda soha xodimlarining ochiq muloqotga yo`llagan murojaatlari echimini o`rganmoqda. 

Shifokor va hamshiralar, farmasevtlar, sanitariya-epidemiologiya xizmati vakillari bilan uchrashuvda tizimga doir muammolarning tezkor va joyida hal etilishi choralari ko`rilyapti. 

Navbatdagi uchrashuv Namangan viloyatida tashkil etildi. Unda hududda faoliyat yuritayotgan tibbiyot xodimlari ishtirok etdi. Tadbirda alohida aytilganidek, hozir ochiq muloqotga yo`llanayotgan taklif va murojaatlar soni bo`yicha Namangan viloyati respublikamizda birinchi o`rinda bormoqda. 

Ya`ni shu kungacha ulardan 1204 ta murojaat kelib tushgan. Bu, avvalo, namanganlik tibbiyot xodimlarining faolligi, soha rivojiga befarq emasligini ko`rsatsa, ikkinchidan, hududda hal etilishi lozim bo`lgan masalalar ko`pligini anglatadi. 

Uchrashuvda tibbiyot sohasini xalqimizni rozi qiladigan, “Inson qadri uchun” g`oyasiga xizmat qiladigan tizimga aylantirish bosh maqsad ekanligi ta`kidlandi. Buning uchun, avvalo, birlamchi tibbiyot bo`g`ini faoliyati yanada takomillashtiriladi. 

Oilaviy poliklinika va qishloq shifokor punktlari ertalab ochilib, tushdan keyin faoliyatini yakunlaydigan emas, aksincha aholining tibbiy xizmatga bo`lgan ehtiyojini uzluksiz ta`minlaydigan tizimga aylantirilishi kerak. Hozir bu borada Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan tegishli loyihalar ustida ish olib borilmoqda. 

Qolaversa, Toshkent shahar tez tibbiy yordam tizimida yo`lga qo`yilgan yagona dispetcherlik xizmati tajribasini Namangan viloyatiga ham tatbiq etish maqsad qilingan. Hududda yuqori texnologik tibbiy xizmatlar qamrovini kengaytirish, sohada xususiy sektor rivojini ta`minlashga ham alohida e`tibor qaratiladi.

Muloqot chog`ida yurtimizdagi murakkab epidemiologik vaziyat, bunga qarshi ko`rilayotgan chora-tadbirlar, vaksinasiya jarayonlarining ahamiyati haqida ham so`z yuritildi. 

Shundan so`ng soha vakillarining takliflariga quloq tutildi. Savol-javoblar davomida ish o`rinlari, mehnat sharoiti, kadrlar malakasi, tibbiy uskuna va jihozlar ta`minoti kabi masalalar yuzasidan murojaatlarni tezkor hal etish uchun tizim mutasaddilariga tegishli ko`rsatmalar berildi.

Eslatib o`tamiz, bugungi kunda Namangan viloyatida 234 ta davolash-profilaktika va yordamchi muassasalar faoliyat yuritmoqda. Ularda 4 700 nafarga yaqin shifokor va 28 500 nafardan ziyod o`rta tibbiyot xodimi aholiga tibbiy xizmat ko`rsatyapti. 

 

    Boshqa yangiliklar