Oliy ta`lim muassasalarida qishki ta`tildan keyingi o`qish onlayn shaklda bo`lishi mumkinligi haqidagi xabarlar yuzasidan Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi qo`ydagilarni ma`lum qildi:
"So`nggi kunlarda koronavirus bilan kasallanish holatlari ko`paygani sabab jamoatchilik o`rtasida qishki ta`tildan keyingi o`qish onlayn shaklda bo`lishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalmoqda.
Xabaringiz bor, rektorlar, prorektorlar, dekanlar va moliya masalalariga mas`ullar uchun joriy yil 10-24-yanvar kunlari amaliy seminar-treninglar tashkil etilishi munosabati bilan oliy va professional ta`lim muassasalari, akademik lisey talaba-o`quvchilari uchun qishki ta`til muddati 2022-yil 24-yanvarga qadar uzaytiriligan edi.
Shu o`rinda, belgilangan tartibga ko`ra, koronavirus infeksiyasi bilan bog`liq epidemiologik vaziyat yuzasidan Respublika maxsus komissiyasi qaror qabul qiladi hamda barcha idora va tashkilotlar, shu jumladan, oliy ta`lim muassasalari ham mazkur qaror asosida ish yuritadi.
Bu borada Respublika maxsus komissiyasi qaror qabul qilgan taqdirda vazirlik rasmiy manbalari orqali qo`shimcha ma`lum qilinadi.
Shu sababli barcha ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilardan asoslanmagan xabarlar tarqatmasliklarini, jamoatchilikdan esa faqat rasmiy manbalar orqali e`lon qilinadigan xabarlarga ishonishlarini so`rab qolardik"






